OKMKdagi islohotlar Parlament nigohida
So‘nggi yillar Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari korxonaning ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish bilan birga, uning mamlakatimiz sanoatidagi strategik ahamiyatini yanada oshiryapti. Ayniqsa, joriy yilning 16-mart kuni Prezidentimiz ishtirokida rasman ishga tushirilgan 3-Mis boyitish fabrikasi soha rivoji yangi bosqichga chiqqanining yaqqol namunasidir.
Mazkur ulkan sanoat ob’ekti faoliyati va mis sanoatidagi islohotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari kombinatga keldi. Xususan, Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tashrif avvalida deputatlar OKMK boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov hamrohligida “Metallurg” madaniyat saroyidagi muzeylar faoliyati bilan tanishdi.

Dunyodagi eng yirik konlardan biri bo‘lgan, kombinat ishlab chiqarish zanjirining boshlang‘ich nuqtasi sanalgan Qalmoqqir konidagi ishlab chiqarish jarayoni ham deputatlarda katta taassurot qoldirdi. Tashrif davomida parlament a’zolarining asosiy e’tibori mamlakat sanoat qudratini yangi bosqichga olib chiquvchi 3-Mis boyitish fabrikasiga qaratildi. Deputatlar fabrikaning ulkan ishlab chiqarish zanjiri, xususan, rudani qayta ishlashning muhim bo‘g‘inlari hisoblangan Yanchish majmuasi va raqamlashtirilgan Dispetcherlik markazi faoliyatini bevosita ko‘zdan kechirdi.

Mehmonlar fabrikaning texnik imkoniyatlari, innovatsion yechimlari va istiqboldagi rejalari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘ldi. Ushbu fabrika to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi. Fabrikaning strategik ahamiyati avvalo uning mamlakat iqtisodiyoti va aholi bandligiga qo‘shayotgan hissasida namoyon bo‘ladi. Loyiha to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Eng muhimi, mazkur ish o‘rinlarining asosiy qismi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mahalliy mutaxassislar hamda yosh kadrlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ishlab chiqarish nuqtai nazaridan qaraganda, fabrikada har yili ishlab chiqariladigan mis konsentrati tarkibidan mis, shuningdek, oltin, kumush va boshqa qimmatbaho hamda rangli metallar ajratib olinadi. Tayyor mahsulot keyingi texnologik bosqich Mis eritish zavodiga uzluksiz yetkazib beriladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, fabrika to‘liq quvvatga chiqqandan so‘ng Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mis konsentratining kunlik ishlab chiqarish hajmi ham sezilarli ravishda oshadi.

Parlament a’zolari kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini mamlakatimiz iqtisodiy qudratini yuksaltirishda muhimligini e’tirof etib, soha rivojiga huquqiy jihatdan ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri