Ishonchga xiyonat bo‘lmaydi
Soliq tizimida qonun ustuvorligi, ochiqlik va halollik tamoyillarini mustahkamlash bugun davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Jizzax viloyati soliq boshqarmasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishda aynan shu masalalar atroflicha muhokama qilinib, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish va xizmat intizomini kuchaytirish bo‘yicha qat’iy vazifalar belgilab olindi.
Jizzax viloyati soliq boshqarmasining majlislar zalida tizim faoliyatida qonun ustuvorligini ta’minlash, xizmat vazifalarini vijdonan ado etish, ochiqlik va shaffoflik muhitini yanada mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatdagi barcha hududiy soliq inspeksiyalari rahbarlari va xodimlari onlayn tarzda ishtirok etdi. Muloqot davomida sohada tartib-intizomni kuchaytirish, har bir xodimning mas’uliyatini oshirish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish hamda halollik madaniyatini kundalik faoliyatning ajralmas qismiga aylantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanganidek, soliq organlari davlat va jamiyat o‘rtasidagi muhim ko‘prik vazifasini bajaradi. Shu bois tizimda mehnat qilayotgan har bir xodimning kasbiy faoliyati nafaqat qonun talablariga, balki yuksak axloqiy mezonlarga ham mos bo‘lishi lozim.
Yig‘ilishda so‘z olgan Jizzax viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Kamol Ergashev bu boradagi vazifalarga alohida to‘xtaldi.

— Soliq xizmati xodimi o‘z zimmasidagi mas’uliyatni chuqur anglashi, har bir qaror va harakati ortida davlat manfaati hamda xalq ishonchi turganini unutmasligi zarur. Korrupsiya — bu oddiy qonunbuzarlik emas. U davlat idorasiga bo‘lgan ishonchni yemiruvchi, tizim obro‘siga putur yetkazuvchi va adolat tamoyillariga raxna soluvchi og‘ir illatdir. Shuning uchun bu kabi holatlarga nisbatan murosasiz munosabat shakllantirish har bir rahbar va xodimning burchi bo‘lib qolmoqda, — dedi Kamol Ergashev.

Shuningdek, ochiqlik va shaffoflik soliq organlari faoliyatining bosh mezoni ekani qayd etildi. Ta’kidlanganidek, har qanday natija faqat halol mehnat, pok vijdon va yuksak mas’uliyat hissi orqali qo‘lga kiritilgandagina qadrli bo‘ladi. Fuqarolar va tadbirkorlarning soliq xizmatiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash esa aynan ana shu tamoyillarga og‘ishmay amal qilish orqali ta’minlanadi.
Yig‘ilish yakunida xizmat intizomini yanada mustahkamlash, ichki nazorat mexanizmlari samaradorligini oshirish, korrupsiyaga qarshi profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda tizimda halollik muhitini yanada qaror toptirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari