2027-yil 1-iyunga qadar Odil sudlov akademiyasini ISO 37001 korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi xalqaro standart bo‘yicha auditdan o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidnetining “Sudlarda komplayens nazorat tizimi samaradorligini oshgirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, HR-menejment mexanizmlaridan keng foydalangan holda sudlar apparatining kadrlarini boshqarish va nazorat qilishning samarali va zamonaviy tizimi joriy etiladi.
Unga ko‘ra 2026-yil yakuniga qadar:
a) nomzodlarning shaxsiy va kasbiy fazilatlari, shu jumladan, ularning ma’naviy-axloqiy va halollik sifatlarini haqqoniy baholash imkonini beruvchi ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi joriy etiladi;
b) inson resurslarini boshqarish va rivojlantirishda raqamli texnologiyalar, shu jumladan sun’iy intellektdan foydalangan holda vakant lavozimlarni e’lon qilish, nomzodlarni saralash, tanlash va ishga qabul qilish jarayonlarini raqamlashtirishga mo‘ljallangan "vacancy.sud.uz" portali hamda sud tizimida xodimlar bilan ishlash va kadrlar ma’murchiligining zamonaviy uslublarini joriy etishga qaratilgan "Slid HR" elektron platformasi ishlab chiqiladi va ishga tushiriladi;
v) zamonaviy usullardan foydalangan holda sud apparati xodimlarining kasbiy mahorati va kasb bilan bog‘liq chaqiriqlarga bardoshliligi, ahillik va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish, yangiliklarga moslashishiga qodir jamoa shakllantiriladi;
g) sudlarga oliy yuridik ma’lumot va ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan kadrlarni jalb qilishda respublikaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda Boshqaruv samaradorligi agentligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.
Odil sudlov akademiyasi va Boshqaruv samaradorligi agentligi huzuridagi Rahbar kadrlarni baholash markazining moddiy-texnika bazasi va ilmiy-amaliy resurslaridan foydalangan holda 2026-yil yakuniga qadar sud tizimida korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasi diagnostikadan o‘tkaziladi.
Odil sudlov akademiyasida nomzodlarni sudyalik kasbiga tayyorlashda qo‘shimcha ravishda shaxsiy-professional va korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini diagnostikadan o‘tkazish amaliyoti joriy etiladi.
Sudyalar oliy kengashi 2026-yil sentabrga qadar Odil sudlov akademiyasida sudyalar va sud apparati xodimlari faoliyatida manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyaning boshqa ko‘rinishlarining oldini olish bo‘yicha "real keyslar"ga asoslangan o‘quv-amaliy moduli joriy etiladi.
2026-yil 1-sentabrga qadar Odil sudlov akademiyasida mavjud boshqaruv shtat birliklari doirasida ichki xavfsizlik nazorati xizmati tashkil etiladi.
2027-yil 1-iyunga qadar Odil sudlov akademiyasini ISO 37001 korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi xalqaro standart bo‘yicha auditdan o‘tkaziladi.
Sudyalar oliy kengashi Oliy sud, Odil sudlov akademiyasi bilan birgalikda sudyalar va sud apparati xodimlarining har uch yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarida malakasini oshirib boradi.
Sudyalar oliy kengashi - 2026-yil 1-sentabrga qadar sudyalar tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari hamda daromadlar va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyani Kengashga taqdim etish, shuningdek, ularni tekshirish va tahlil qilishning avtomatlashtirilgan elektron tizimiga o‘tadi.
Oliy sud 2027-yil 1-mayga qadar sud apparati xodimlari tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi holatlari hamda daromadlar va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyani Oliy sudga taqdim etish, shuningdek, sud apparati xodimlari faoliyatidagi korrupsiya, shubhali sxemalar va intizom buzilishlariga olib keluvchi bo‘shliqlarni aniqlab, ularni bartaraf etish, sud apparati xodimlari faoliyatini monitoring qilish imkonini beruvchi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni boshqarish elektron axborot tizimini ishga tushiradi.
O‘zA