Jismoniy shaxslar shaxsiy hujjatlarining aslini olish bo‘yicha yangi davlat xizmati joriy etildi
"O‘zarxiv" agentligida “Davlat arxivlarida saqlanayotgan jismoniy shaxslarning shaxsiy hujjatlarini aslini berish” davlat xizmati joriy etilishi yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.
Unda agentlik axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev quyidagilarni ma’lum qildi.
Xususan, brifingda fuqarolar uchun muhim va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan yangilik – davlat arxivlarida saqlanayotgan jismoniy shaxslarning shaxsiy hujjatlarini, jumladan mehnat daftarchasi, shahodatnoma, diplom va boshqa shunga o‘xshash shaxsiy hujjatlarni aslini olish bo‘yicha yangi davlat xizmati joriy etilgani haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-iyuldagi 393-son qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 20-noyabrdagi 612-son qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy va yuridik shaxslarga ma’lumotnomalar berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona ma’muriy reglamenti” yangi Davlat arxivlarida saqlanayotgan jismoniy shaxslarning shaxsiy hujjatlari aslini berish davlat xizmati bilan to‘ldirildi.
Mazkur davlat xizmatining eng muhim jihati shundaki, endilikda davlat arxivlarida saqlanayotgan, tugatilgan tashkilotlar tomonidan arxivga topshirilgan fuqarolarning shaxsiy hujjatlari aslini belgilangan tartibda olish imkoniyati yaratildi.
Ushbu davlat xizmatidan barcha jismoniy shaxslar foydalanishi mumkin. Xususan, fuqaroning shaxsiy hujjati ilgari faoliyat yuritgan tashkiloti tugatilib, unga tegishli arxiv hujjatlari davlat arxiviga topshirilgan bo‘lsa, mazkur hujjatni olish uchun murojaat qilish mumkin.
Bu yerda fuqarolar uchun muhim bo‘lgan bir jihatni alohida ta’kidlash lozim. Agar shaxsiy hujjat egasi vafot etgan bo‘lsa, uning yaqin qarindoshlari – ota-onasi, eri yoki xotini, farzandlari ham ushbu davlat xizmatidan foydalanishi mumkin. Demak, xizmat nafaqat hujjat egasining o‘zi, balki qonunchilikda belgilangan hollarda uning yaqin qarindoshlari uchun ham amal qiladi.
Mazkur xizmat doirasida fuqarolarning davlat arxivlarida saqlanayotgan shaxsiy hujjatlari, jumladan, mehnat daftarchasi, shahodatnoma, diplom va boshqa turdagi shaxsiy hujjatlarining aslini olish imkoniyati mavjud.
Albatta, hujjatni olish imkoniyati uning haqiqatdan ham davlat arxivida saqlanayotganiga bog‘liq. Ya’ni arxivda tegishli shaxsiy hujjat mavjud bo‘lmasa, davlat xizmatini ko‘rsatish rad etilishi mumkin.
Shuningdek, brifingda bu kabi hujjatlarni olish uchun murojaat qilish tartibi xususida ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, fuqaro xizmatdan foydalanish uchun belgilangan tartibda so‘rovnoma to‘ldiradi. So‘rovnomada, asosan, familiyasi, ismi va otasining ismi, agar ism-familiyasi o‘zgargan bo‘lsa, bu haqdagi ma’lumotlar, pasport yoki ID-karta ma’lumotlari, jumladan JSHSHIR, ma’lumotnoma tili, yashash manzili, elektron pochta manzili va telefon raqami, shaxsiy hujjatni olish usuli, shaxs o‘qigan ta’lim muassasasi yoki faoliyat yuritgan tashkilot nomi hamda arxivda saqlanayotgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxsiy hujjatning nomi ko‘rsatiladi.
Shuningdek, shaxsiy hujjatni fuqaro “davlat arxividan o‘zi olib ketishi” yoki uning talabiga ko‘ra “kurerlik xizmati orqali manziliga yuborish” imkoniyati mavjud.
Mazkur davlat xizmatidan foydalanish uchun fuqarolar Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali murojaat qilishlari mumkin. Shu jihatdan mazkur xizmatni raqamlashtirish fuqarolar uchun yana bir muhim qulaylikni yaratadi. Fuqaro har doim ham arxivga shaxsan borib murojaat qilishi shart emas. Elektron shaklda murojaat qilish imkoniyati ham mavjud.
Davlat xizmatini ko‘rsatish muddati – 10 ish kuni. Murojaat qabul qilinganidan keyin so‘rovnoma arxiv hujjatlari asosida ko‘rib chiqiladi va tegishli shaxsiy hujjat aniqlanadi. Shaxsiy hujjatning arxivda mavjudligi haqida ariza beruvchi axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qilinadi.
Ushbu davlat xizmati uchun yig‘im miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari etib belgilangan. Murojaat qilayotganda shaxsiy hujjat qaysi tashkilotda saqlangan bo‘lishi mumkinligi haqida imkoni boricha aniq ma’lumotlarni ko‘rsatish muhim. Masalan, fuqaro qaysi tashkilotda ishlagani, qaysi ta’lim muassasasida o‘qigani yoki hujjat qaysi tashkilotga tegishli bo‘lganini aniq ko‘rsatishi arxiv qidiruvini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, mazkur yangilikni fuqarolarning arxiv hujjatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholash mumkin. Chunki turli sabablarga ko‘ra fuqarolarning mehnat faoliyati, ta’lim olishi yoki boshqa hayotiy jarayonlari bilan bog‘liq shaxsiy hujjatlar tugatilgan tashkilotlarning arxivlariga topshirilgan bo‘lishi mumkin. Ilgari bunday hujjatni izlash va olish fuqaro uchun murakkab jarayon bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Endilikda esa ushbu jarayon aniq ma’muriy tartib, belgilangan muddat va davlat xizmati shaklidagi yagona mexanizm asosida amalga oshiriladi. Eng muhimi, fuqaro o‘zining davlat arxivida saqlanayotgan shaxsiy hujjatining aslini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, arxiv xizmatlarining fuqaroga yo‘naltirilganligini kuchaytirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish va ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Yangi davlat xizmatining asosiy maqsadi fuqarolarning o‘z shaxsiy arxiv hujjatlariga ega bo‘lish imkoniyatini kengaytirish, bu boradagi ma’muriy jarayonlarni tartibga solish va aholiga qulay, shaffof hamda aniq belgilangan davlat xizmatini taqdim etishdan iborat.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA