Kiberjinoyatchilarni qanday tanish mumkin?
Bugun raqamli texnologiyalar hayotimizning deyarli barcha sohalariga chuqur kirib borib, insonlarga yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Biroq raqamli imkoniyatlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari ham tobora ko‘payib, kiberjinoyatchilik jiddiy xavfga aylanmoqda. Kiberjinoyatchilarning yangi va murakkab usullardan foydalanayotgani esa har bir insondan yanada hushyor va ehtiyotkor bo‘lishni talab etmoqda.
Xo‘sh, kiberjinoyatchilarning tuzog‘iga tushib qolmaslik uchun ularni qanday tanish mumkin? Buning uchun, avvalo, muloqot jarayonidagi ayrim shubhali belgilarga e’tibor qaratish lozim.
Ma’lumki, bugun aksariyat kishilar o‘zaro muloqot va yozishmalarni asosan “Telegram” yoki “WhatsApp” kabi messenjerlar orqali amalga oshiradi. Shu bois kiberjinoyatchilar ham aynan shu platformalardan foydalanib, turli yolg‘on takliflar va chalg‘ituvchi xabarlar orqali fuqarolarni aldashga urinadi. Ko‘p hollarda ulardan bu haqda oila a’zolari, hamkasblari yoki rahbarlariga aytmaslikni talab qiladi.
Bunday muloqotlarning yana bir muhim belgisi – shoshilinchlik va ruhiy bosim. Jinoyatchi jabrlanuvchini vaziyatni tahlil qilishga imkon bermaydigan holatga tushirish uchun tezkor harakat qilishga undaydi. Masalan, zudlik bilan pul o‘tkazish, karta ma’lumotlarini aytish, havolaga kirish yoki yuborilgan kodni ma’lum qilish talab etiladi. Muloqot turli tillarda olib borilishi mumkin, ammo asosiy maqsad doimo bir fuqaroni shoshilinch qaror qabul qilishga majburlash.
Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish davlat siyosati darajasida ham muhim vazifalardan biriga aylangan. 2025-yil 5-mart kuni o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalarni samarali ijro etish hamda axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish maqsadida o‘tgan yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatda axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish, ularga qarshi kurashish va aholining kiberxavfsizlik bo‘yicha xabardorligini oshirishga qaratilgan vazifalar belgilab berilgan.
Kiberjinoyatchilarning keng tarqalgan usullaridan biri – o‘zini davlat organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimi sifatida tanishtirishdir. Jumladan, ular o‘zlarini Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, prokuratura yoki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirishi mumkin.
Bunday hollarda jinoyatchilar “Telegram” orqali soxta xizmat guvohnomasi rasmini yoki maxsus dasturlar yordamida tayyorlangan soxta videomurojaatni yuborib, o‘zini ishonchli shaxs sifatida ko‘rsatishga harakat qiladi. Keyin esa “yirik jinoyat sodir bo‘lgan”, “pulingiz jinoiy faoliyatni moliyalashtirmoqda”, “hisobingizdan pul yechilmoqda” yoki “maxsus operatsiya ketmoqda” kabi bahonalar bilan fuqaroni sarosimaga soladi.
Shundan so‘ng mobil qurilma yoki bank kartasini boshqarish imkoniyatini qo‘lga kiritishga, natijada pul mablag‘larini o‘zlashtirishga urinadi. Shuning uchun o‘zini davlat organi xodimi deb tanishtirgan shaxsning talabi bilan karta ma’lumotlari, SMS-kodlar yoki boshqa maxfiy ma’lumotlarni taqdim etish mutlaqo mumkin emas.
Yana bir keng tarqalgan usul – rahbar nomidan ish ko‘rish. Bunda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari yoki yuqori mansabdor shaxslarning soxta akkauntlari yaratiladi. Ushbu akkauntlar orqali xodimlarga “shoshilinch maxsus topshiriq”, “yuqori tashkilotdan tekshiruv”, “xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda” yoki “shaxsiy muammo” kabi mazmunda xabarlar yuboriladi.
Rahbarining nomini ko‘rgan xodim esa xabarning haqiqiyligiga shubha qilmasligi mumkin. Shu tariqa undan yozishmalarni sir saqlash, ko‘rsatilgan karta raqamiga zudlik bilan pul o‘tkazish yoki boshqa moliyaviy harakatni amalga oshirish talab qilinadi.
Bunday holatda eng to‘g‘ri yo‘l – rahbar yoki uning ishonchli vakili bilan boshqa, ishonchli aloqa kanali orqali bog‘lanib, xabarning haqiqiyligini tekshirishdir.
Firibgarlar qo‘llaydigan yana bir usul – soxta ovoz berish va aksiyalar niqobi ostida havolalar tarqatish. Masalan, “Rahbaringizga ovoz bering”, “Tashabbusli byudjetga ovoz bering” kabi mazmundagi xabarlar tanish, hamkasb yoki qarindosh nomidan yuborilishi mumkin.
Havolaga kirilganda esa telefon raqamini kiritish va “Telegram” orqali yuborilgan SMS-kodni tasdiqlash so‘raladi. Agar fuqaro ushbu kodni firibgarga taqdim etsa, jinoyatchi uning “Telegram” akkauntiga kirish imkoniyatini qo‘lga kiritishi mumkin.
Shundan keyin esa firibgarlar akkaunt egasi nomidan uning kontaktlariga, hamkasblariga va tanishlariga pul so‘rab xabar yuborishi yoki xuddi shunday zararli havolalarni tarqatishi mumkin. Shu sababli SMS-kodni hatto tanish inson so‘ragan taqdirda ham boshqa shaxsga yuborish mumkin emas.
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sa’y-harakatlari, balki aholining kiberxavfsizlik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida qonun ustuvorligi va adolatni ta’minlashni beshinchi ustuvor maqsad sifatida qayd etar ekan, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi.
Kiberjinoyatchilik ko‘lamini kamaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasi raqamlarda ham namoyon bo‘lmoqda. Markaziy bank bilan hamkorlikda yaratilgan maxsus tizim orqali 29 trillion so‘mning noqonuniy ravishda chetga chiqib ketishining oldi olingan hamda jinoyatlarga aloqador 18 838 ta bank kartasi bloklangan.
Shuningdek, joriy yilning ikkinchi choragida o‘tkazilgan, ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov rahbarligidagi hay’at yig‘ilishida ma’lum qilinishicha, 9 282 ta kiberjinoyat fosh etilgan, 4 011 ta jinoyat tashabbus asosida aniqlangan. 13 mingdan ortiq fuqaroga yetkazilgan 120 milliard 496 million so‘mdan ziyod moddiy zarar qaytarilgan.
Kiberjinoyatlarning oldini olishda aholini ogohlantirish muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda amalga oshirilayotgan targ‘ibot ishlari natijasida mamlakatimizning 23 milliondan ortiq aholisi qamrab olingan.
Bu raqamlar kiberxavfsizlik masalasi har bir inson uchun dolzarb ekanini ko‘rsatadi. Chunki kiberjinoyatchilarning nishonlari orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, keksalar, tadbirkorlar, davlat xizmatchilari va hatto farzandining salomatligi uchun mablag‘ to‘playotgan insonlar ham bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning eng samarali choralaridan biri – hushyorlik va axborot xavfsizligi qoidalariga amal qilishdir. Noma’lum havolaga kirmaslik, SMS-kod va karta ma’lumotlarini hech kimga bermaslik, shoshilinch pul o‘tkazish talablarini tekshirmasdan bajarmaslik va shubhali xabarlarni boshqa ishonchli manba orqali aniqlashtirish – har bir fuqaroning kiberxavfsizligini ta’minlashda muhim qadamdir.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA