Oila farovonligi va jamiyat taraqqiyotida ayolning o‘rni
Karmana tumanida xotin-qizlarning tadbirkorlik borasidagi tajribalarini ommalashtirish, ularning yangi tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zLiDeP Navoiy viloyati Kengashi “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan tashkil etilgan tanlovda Karmana tumanining turli mahallalarida o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan ishbilarmon, hunarmand va tashabbuskor xotin-qizlar ishtirok etdi. Ular o‘z biznes loyihalari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlari, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishidagi faoliyati va erishgan natijalarini namoyish etdi.
Ishtirokchilarning biznes yuritish tajribasi, mahsulotlar sifati, innovatsion yondashuvi, iqtisodiy samaradorligi, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratishga qo‘shayotgan hissasi asosiy mezonlar orqali baholandi.

Tadbir davomida xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasida erishayotgan yutuqlari, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlardagi munosib hissasi alohida e’tirof etildi. Ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashib, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish yuzasidan fikr va takliflar bildirdilar.
Ko‘rik-tanlov yakuniga ko‘ra, 1-o‘rinni zamonaviy tikuvchilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan “Mahliyo Atele” MCHJ rahbari Mahliyo Xudoynazarova, 2-o‘rinni qandolat mahsulotlari, milliy shirinliklar va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotgan “Asal” MCHJ rahbari Muharram Rasulova va 3-o‘rinni ko‘rpa-to‘shak va matras ishlab chiqarish yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan tadbirkor Dilobar Po‘latova egalladi.

Tanlov g‘olib va sovrindorlari, shuningdek, faol ishtirokchilar diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri