Og‘ir atletikada yangi rekord – 43 ta jamoa O‘zbekiston kubogi uchun kurashmoqda
Termiz shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar (U17) va kichik o‘smirlar (U-15) o‘rtasida o‘tayotgan O‘zbekiston kubogida 43 ta jamoa qatnashmoqda. Bu, mazkur olimpiya sport turida o‘ziga xos rekord ko‘rsatkich bo‘ldi.
Musobaqaning ortda qolgan oltinchi kungi bahslari holatida o‘smirlar o‘rtasida 3 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza medaliga ega Navoiy viloyati jamoasi 19 ta jamoa orasida yetakchilik qilmoqda.

Mamlakat kubogining kichik o‘smirlar bahsida esa 24 ta og‘ir atletika jamoalari ichida Xorazm viloyati vakillari 5 ta oltin, 1 ta kumush, 3 ta bronza medali bilan bosh sovringa da’vogarlik qilmoqda.

-Mamlakatimizda Akbar Jo‘rayev, Ruslan Nuruddinov singari Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari va jahon chempionlari yetishib chiqishi ortidan yoshlar orasida ushbu sport turiga qiziquvchilar ancha ortdi. Bu o‘z navbatida, polvonlar musobaqasini nafaqat ommaviylashtirdi, balki uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Bundan o‘n yillar muqaddam o‘smirlar va kichik o‘smirlar o‘rtasidagi respublika chempionatlarida juda kam jamoa ishtirok etar, ayrim hollarda ba’zi hududlardan bironta ham yosh og‘ir atletikachi musobaqada ishtirok etmagan paytlar bo‘lardi. Davlatimiz tomonidan berilayotgan e’tibor, Olimpiya sport turlari bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturlar, murabbiy va mutaxassislarning sa’y-harakati tufayli keyingi 4-5 yil oralig‘ida ishtirokchilar safi ortdi. Viloyatlarda respublika musobaqasiga saralash turnirlari yo‘lga qo‘yildi. Birgina Termizda o‘tkazilayotgan mazkur kubok musobaqalarida umumiy hisobda 43 ta jamoa qatnashayotganligi yoshlarimiz orasidan iste’dodlilarni saralash, tanlash va ularni yo‘naltirishning keng maydoni yaratilganligidan dalolatdir, - deydi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi bosh mutaxassisi Azamat Sharipov.
Bugun, 9-oktabr kuni kubok musobaqalarining o‘smirlar bahsida yigitlar 75 va +75 kilogrammda, og‘ir atletikachi qizlar -77 hamda+77 kilo og‘irlikda kuch sinashdi.
Har bir vazn toifasidagi musobaqalarda 20-30 nafardan sportchilar dast va siltab ko‘tarish mashqlarida o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazdi.
Shiddatli kechgan musobaqalar yakunida ayollar o‘rtasida xorazmlik Osiyo Saraboyeva, buxorolik Malikabonu Fayzullayeva, navoiylik Shabnam Jamolova g‘oliblikka erishgan bo‘lsa, yigitlar orasida andijonlik Boburjon Ali Oxunov, jizzaxlik Vays Jamoliddinov, namanganlik Bunyodjon Sobirov, Muhammadrizo Ismoiljonov oltin medallarga ega chiqdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA