Og‘ir atletikachilarimiz qit’a chempioni!
Bahraynda og‘ir atletika bo‘yicha poyoniga yetgan jahon chempionatida mamlakatimiz sportchilari 29 ta mamlakat terma jamoalari orasida umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egalladi.
E’tiborlisi, chempionatning deyarli har bir kunida hamyurtlarimiz sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston sport sharafini ulug‘ladi.
Chempionatning dastlabki kunida 67 kg vazn toifasida Adhamjon Ergashev 3 ta oltin, keyingi kunlarda 73 kg vazn toifasida Doston Yoqubov dast ko‘tarishda bronza, siltab ko‘tarish va ikki kurash natijasiga ko‘ra, oltin, 81 kilo og‘irlikdagi bahslarda Muhammadqodir Toshtemirovda 2 ta kumush va 1 ta bronza, yosh sportchimiz Og‘abek To‘xtayev bronza, 87 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda hamyurtimiz Tursunoy Jabborova dast ko‘tarishda kumush, ikki kurashda bronza medaliga ega chiqdi.

Musobaqaning 102 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Sharofiddin Amriddinov 1 ta oltin va 2 ta kumush medallariga musharraf bo‘lishi g‘alabalarimiz bardavom ekanligini ko‘rsatdi.
Shu o‘rinda aytish lozim, Sh.Amriddinov dast ko‘tarish mashqida 172 kg bilan “Tokio-2020” Olimpiadasi chempioni qatarlik Elbah Faresni ortda qoldirib, oltin medal sohibiga aylanishi yurtimizda ushbu vaznda yana bir iqtidor kamolga yetayotganligini anglatmoqda.

So‘nggi sarhisobga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 6 ta oltin, 3 ta kumush, 10 ta bronza medali bilan 1-o‘rinni egalladi. 4 ta oltin, 5 ta kumush, 7 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan Eron vakillariga 2-o‘rin nasib etdi. 4 ta oltin, 3 ta kumush medal sohibi bo‘lgan Xitoy terma jamoasi kuchli uchlikni yakunlagan bo‘lsa, Qozog‘iston, Bahrayn jamoalari ulardan keyingi pog‘onalardan joy olishdi.

Yana bir o‘ziga xos jihati O‘zbekiston terma jamoasi Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati g‘oliblari Ruslan Nuruddinov va Akbar Jo‘rayevning ishtirokisiz shunday natijaga erishish bilan qit’a chempionatida ilk bor medallar soni jihatdan doimiy peshqadamlar Xitoy hamda Eron terma jamoalarini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.
Qit’a chempionatida zafar quchgan og‘ir atletikachilarimiz bugun Toshkentga qaytib kelishadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA