Og‘ir atletika: Jahon chempionatida O‘zbekiston nomi e’tirof etildi
Shu kunlarda Misrning Ismoiliya shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati qizg‘in davom etmoqda.
48 ta medallar jamlanmasi uchun kechayotgan bahslarda 50 dan ortiq davlatning 250 nafardan ziyod sportchilari qatorida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining 6 nafar a’zosi g‘oliblik yo‘lidagi bahslarga qirishmoqda.
Yosh og‘ir atletikachilarimizdan Boburmirzo Yoqubov -79 kg. vazn toifasida muvaffaqiyatli ishtirok etib, o‘z faoliyatidagi navbatdagi muhim natijani qayd etdi. U jahon chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Yana bir vakilimiz Hikmatillo Haydarovga musobaqada biroz omad yetishmadi. Sportchimiz siltab ko‘tarish bahslarida 179 kg. va 184 kg. natijalarni qayd etdi. Ikkikurash yakunlariga ko‘ra esa 334 kg. natija bilan umumiy hisobda 4-o‘rinni egalladi.
Yosh va istiqbolli sportchimiz Ziyoda Xudoyqulova jahon chempionatida ishonchli ishtirok etib, bronza medaliga ega chiqdi. Musobaqa davomida u o‘zining xalqaro musobaqalardagi shaxsiy natijasini ham yaxshilashga erishdi.

Mazkur jahon chempionati doirasida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda ishtirok etgan IWF Ijroiya qo‘mitasi a’zosi, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda mazkur sport turini yanada ommalashtirish, professional sportchilarni tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar e’tirof etildi.
Xususan, Toshkent viloyati Soyliq qishlog‘ida barpo etilgan Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika markazi sportchilar tayyorgarligini yangi bosqichga olib chiqish, jahonda og‘ir atletikani yanada rivojlantirishda boshqa mamlakatlarga andoza bo‘lishi ta’kidlandi.

Bugun, 7-may jahon chempionatining oltinchi kungi musobaqalarida terma jamoamizning ikki nafar a’zosi Madina Fayzullayeva -86 kilogrammda, Bekzod G‘ofurjonov -94 kilo og‘irlikdagi bahslarda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.
Jahon chempionati musobaqalari 8-mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA