Og‘ir atletikachilarimiz muvaffaqiyati
“O‘zbekiston” sport majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha I Afro-Osiyo chempionati va III Osiyo kubogi musobaqasi yakunlandi.
“O‘zbekiston” sport majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha I Afro-Osiyo chempionati va III Osiyo kubogi musobaqasi yakunlandi.
O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi va Og‘ir atletika federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu nufuzli musobaqalarda Afrika va Osiyo qit’asining 20 davlatidan 300 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan sportchilarimizning xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi va ularda munosib ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bunday e’tibor samarasida og‘ir atletikachilarimiz nufuzli musobaqalarda Vatanimiz shon-shuhratini munosib himoya qilmoqda.
I Afro-Osiyo chempionatida iqtidorli sportchimiz Sardor Do‘stmurodov 105 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida dast ko‘tarishda 160 kilogramm, siltab ko‘tarishda 221 kilogramm, ikkikurash yakuniga ko‘ra 381 kilogramm natija ko‘rsatib, ikkita oltin va bitta kumush medalni qo‘lga kiritdi. Vazni 94 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida ishtirok etgan hamyurtimiz Shodilbek Ergashev dast ko‘tarishda 148 kilogramm, siltab ko‘tarishda 176 kilogramm, ikkikurash yakuniga ko‘ra 324 kilogramm natija bilan bitta oltin va ikkita kumush medalga ega bo‘ldi.
Chempionatda xotin-qizlar terma jamoamiz ham muvaffaqiyatli ishtirok etdi. 58 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar bahsida ishtirok etgan Marina Sisoyeva dast ko‘tarishda 87 kilogramm, siltab ko‘tarishda 117 kilogramm, ikkikurash yakuniga ko‘ra 204 kilogramm natija bilan uchta kumush medal sohibiga aylandi. Yana bir hamyurtimiz Manzuraxon Mamasoliyeva 69 kilogramm vazn toifasidagi sportchilar bahsida munosib qatnashib, dast ko‘tarishda 95 kilogramm, siltab ko‘tarishda 125 kilogramm, ikkikurash yakuniga ko‘ra 220 kilogramm natija bilan terma jamoamiz hisobiga yana uchta kumush medalni keltirdi.
III Osiyo kubogining kattalar o‘rtasidagi bahslarida Avez Ibiyev 105 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida bir yo‘la uchta kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 85 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Muhammad Begaliyev ikkita kumush va bitta bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Ushbu musobaqa doirasida 20 yoshgacha bo‘lgan og‘ir atletikachilar o‘rtasida ham bahslar bo‘lib o‘tdi. Unda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan Doston Yoqubov, Azamat Sharipov, Azimjon G‘aniyev, qizlar o‘rtasida Farangiz Shomurodova, Komila Abdullayeva o‘z vazn toifasida tengsiz ekanini isbotlab, uchtadan oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, Shahzod Xudoyberganov, Ro‘zimurod Aslonov, Sunnatillo Shokirjonov, Davron Kenjayev, Zufar Qodirov, qizlardan Gulnoza Ahmedova, Dina Tojiyevalar g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.
– Nufuzli turnirda g‘alaba qozonganimdan behad xursandman, – deydi Komila Abdullayeva. – Bu kabi yuqori natijalarni qo‘lga kiritishimiz Prezidentimiz rahnamoligida mamalakatimizda sportga qaratilayotgan ulkan e’tibor va yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir.