Xorazmda sayyor qabullar
Keyingi yillarda fuqarolarni qiynayotgan muammolarni bevosita joyida o‘rganish, aholi murojaatlarni qisqa muddatda ko‘rib chiqib, qonuniy amaliy yordam ko‘rsatish, ularga huquqiy maslahat va tushuntirishlarni o‘z vaqtida berish maqsadida mutasaddilarning joylarga chiqib sayyor qabullar o‘tkazishi odatiy holga aylandi. Jumladan, Xorazm viloyatining turli hududlarida ham shu kunlarda mutasaddilarning aholi, tadbirkorlar va turli soha vakillari bilan joylardagi uchrashuvlari davom etmoqda.
Xorazm viloyat prokurori Murodjon Ahmedovning navbatdagi sayyor qabuli tegishli mas’ullar ishtirokida Hazorasp tumanida bo‘lib o‘tdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan qabul davomida 56 nafar fuqaroning mehnat nizolari, tergovga qadar tekshiruv harakatlari, sud va ma’muriy organlarning qarorlari qonuniyligi, ijro va boshqa turli masalalardagi murojaatlari tinglandi.

O‘rganish uchun muddat talab qilinadigan murojaatlarni hal qilishga mas’ullar biriktirilib, ijrosi nazoratga olindi.
***
Xiva shahrida viloyatning bosh soliqchisi Shuhrat Saidov tadbirkorlar bilan uchrashdi.
Unda davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar, shuningdek, tegishli farmonlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi.

Muloqotlar davomida kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishga 3 yil muddatga moratoriy joriy etilgani, soliq tekshiruvlarini o‘tkazish tartibi, kichik va o‘rta biznes uchun iqtisodiy amnistiya hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshqa yengilliklar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, tadbirkorlarning savollari tinglanib, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
***
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi rahbariyati esa Xorazmdagi murojaatchi fuqarolarni onlayn qabul qildi.

Unda jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining muammo va takliflari videokonferensiya orqali tinglanib, ularning yechimlari bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

***
Urganch shahrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining Xorazm viloyat hududiy nazorat qilish inspeksiyasi rahbari Sherzod Otayevning sayyor qabuli davomida 15 nafardan ortiq fuqaroning qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasiga oid murojaatlari, taklif va muammolari tinglandi.

Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan fuqarolarga tegishli tushuntirishlar berilib, muammolarni hal etish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
***
Shovot tumanida ochiq havo va dala bo‘yida tashkil etilgan muloqotda fermer xo‘jaliklari rahbarlarining murojaatlari, taklif va muammolari batafsil o‘rganildi.

Sayyor qabul davomida fermerlar bilan ochiq muloqot qilinib, yer-suv va boshqa masalalari, xo‘jalik faoliyatida uchrayotgan muammolar va boshqa dolzarb masalalar mas’ul idoralar va mutasaddilar bilan birgalikda muhokama qilinib, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda ularning yechimlari belgilab olindi va amaliy yordam, maslahatlar berildi.
A.Shokirov, O‘zA