Milliy reja: onkologik kasalliklarga shubha qilingan har bir bola uchun “yashil yo‘lak” tamoyili joriy etiladi
Onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha 2025–2035-yillarga mo‘ljallangan Milliy reja doirasida diagnostika tizimini tubdan takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumki, bolalar saratonini ommaviy skrining orqali aniqlash imkoniyati cheklangan. Shu bois, o‘z vaqtida va aniq tashxis qo‘yish kasallikni yengish hamda yashovchanlik ko‘rsatkichini oshirishning eng muhim omili hisoblanadi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, Milliy rejaga muvofiq, onkologik kasalliklarga shubha qilingan har bir bola uchun “yashil yo‘lak” tamoyili joriy etiladi. Bu tizim bemorning yashash joyidan qat’i nazar, dastlabki alomatlar aniqlangan paytdan boshlab zarur tekshiruv va ixtisoslashtirilgan yordamga tezkor yetib borishini ta’minlaydi.
Ushbu maqsadlarga erishish bemorlarni tor doiradagi mutaxassislarga yo‘naltirishning yangi standart protokollari amaliyotga tatbiq etiladi. Birlamchi bo‘g‘in shifokorlari bolalar saratonini erta aniqlash bo‘yicha muntazam o‘qitiladi. Hududlarda laboratoriya diagnostikasi modernizatsiya qilinib, morfologik diagnostika bo‘yicha referent-markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Hududiy va respublika tibbiyot muassasalari o‘rtasida teletibbiyot maslahatlari ko‘lami kengaytiriladi. MRT, MSKT, PET-KT va boshqa zamonaviy nur diagnostikasi imkoniyatlari bosqichma-bosqich rivojlantiriladi.
Hujjatda 2030-yilga borib — tashxislarning 95 foizini bemorning sog‘liqni saqlash tizimiga birinchi murojaatidan keyin 14 kun ichida qo‘yish, birlamchi bo‘g‘in shifokorlarining 98 foizini bolalar saratonini erta tashxislash bo‘yicha xabardor qilish va malakasini oshirish, birlamchi tashxislarning referent-laboratoriyadagi tasdiqlovchi diagnostika bilan muvofiqligini 95 foizga yetkazish belgilangan.
Asosiy maqsad — bola qayerda yashashidan qat’i nazar, unga tezkor, aniq va yagona standartdagi tibbiy-diagnostika imkoniyatlarini yaratishdan iborat.
Mohigul Qosimova,
O‘zA