OIV va silga qarshi kurashish bo‘yicha Tashkilotlararo ekspertlar kengashi yig‘ilish o‘tkazdi
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasida OIV va silga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro hamkorlik hamda kelgusidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan Tashkilotlararo ekspertlar kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda davlat, nodavlat va xorijiy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, Global fond O‘zbekistonda OIV va silga qarshi kurashish tadbirlarini davom ettirish uchun 2028-2030-yillarga jami 32,5 million AQSH dollari miqdorida grant mablag‘larini ajratdi. Shundan 15,6 million dollari OIV, 16,9 million dollari esa sil yo‘nalishiga mo‘ljallangan.
OIV yo‘nalishida «95–95–95» maqsadlariga erishish ustuvor vazifa sifatida belgilangan bo‘lib, test qamrovini oshirish, antiretrovirus terapiyani erta boshlash va davolash qamrovini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, hamjamiyat darajasida test o‘tkazish, o‘zini o‘zi test qilish va hamkorlarni testdan o‘tkazish usullarini rivojlantirish, profilaktika xizmatlarini takomillashtirish hamda stigma va diskriminatsiyani kamaytirish masalalari muhokama qilindi. OIV yuqishining oldini olish maqsadida kontaktdan oldingi profilaktika – PrEP dasturini kengaytirish imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.
Sil yo‘nalishida esa tezkor molekulyar diagnostika imkoniyatlarini kengaytirish, balg‘am namunalarini tashish tizimini takomillashtirish va dori vositalariga chidamli silni davolashda qisqaroq, to‘liq og‘iz orqali qabul qilinadigan davolash sxemalariga, jumladan BPaL(M) rejimiga o‘tishni jadallashtirish belgilandi.
Yig‘ilishda OIV va sil bo‘yicha ma’lumotlar sifatini oshirish, shuningdek, Global fond mablag‘laridan ichki moliyalashtirishga bosqichma-bosqich o‘tish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad OIV va silni davolash uchun sifati kafolatlangan dori vositalari hamda laboratoriya sarf materiallari xaridining kamida 85 foizini 2030-yil oxirigacha, 100 foizini esa 2033-yil oxirigacha ichki mablag‘lar hisobidan ta’minlashdir.
Mohigul Qosimova,
O‘zA