Odamzod Oyga qaytmoqda: 50 yillik tanaffusdan so‘ng yangi missiya
NASA 50 yildan ko‘p vaqt o‘tgach, yana insonlarni Oyga yubormoqchi. Bu missiya “Artemis II” doirasida amalga oshiriladi va odamning cheksiz fazoga qayta yo‘l olishini anglatadi. Parvoz 10 kun davom etadi, ekipaj Oy atrofida aylanib, keyin Yerga qaytadi. Qaytishda kema tezligi taxminan 40 ming km/soatga yetishi kutilyapti. Bu insoniyat tarixidagi eng tez harakatlardan biri bo‘ladi.
Artemis II — keng ko‘lamli “Artemis program”ning ikkinchi bosqichi hisoblanadi. Avvalgi missiya — ekipajsiz “Artemis I” 2022-yil muvaffaqiyatli yakunlangan. Bu gal to‘rt nafar astronavt yangi “Orion spacecraft” qurilmasida uchadi. Ularni kosmosga olib chiquvchi “Space Launch System” raketasi ilk bor inson bilan sinovdan o‘tadi.
Missiyada Oyga qo‘nish rejasi yo‘q. Asosiy maqsad — barcha tizimlarni to‘liq testdan o‘tkazish va kelgusi loyihalar uchun xavfsizlikni shakllantirish. Astronavtlar hayotni qo‘llab-quvvatlash tizimi,havo va suv ta’minoti, xavfsizlik uskunalarini tekshirib chiqadi.
Bu parvoz nafaqat ilmiy, balki siyosiy va strategik ahamiyatga ham ega. Insoniyatni Oyga yaqinlashtirish mislsiz moliya, texnologiya va xalqaro hamkorlik talab qiladi. Shuning uchun bu missiya muvaffaqiyat keltirsa, keyingi bosqich Oyga qo‘nish va hatto Marsga parvoz uchun yo‘l ochadi.
Ekipaj tarkibi ham xalqaro maqomga ega: uch amerikalik, bir nafar kanadalik. Dasturga 60 dan ortiq davlat qo‘shilgani loyiha global ahamiyat kasb etishini anglatadi. Xullas, inson yana Oy yuzasiga qadam qo‘yishiga juda oz vaqt qolgandek.
Musulmon Ziyo, O‘zA