OCHL: Bugun «Neftchi» — «Al-Ittihod» bahsi bilan 3-turga start beriladi
Bugun Osiyo chempionlar ligasi elit musobaqasining umumiy bosqichida 3-tur uchrashuvlari boshlanadi. Turning ilk bahsida Farg‘onaning «Neftchi» jamoasi Saudiya Arabistonining «Al-Ittihod» klubini qabul qiladi. Shuningdek, Toshkentning «Paxtakor» jamoasi Iroqda «Eyr Fors»ga qarshi bahs olib boradi.
Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida o‘tadigan uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 18:45 da boshlanadi.
Uchrashuv oldidan o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda jamoalarning liboslari ham kelishib olindi. Unga ko‘ra, «Neftchi» maydonga an’anaviy sariq-qora rangli libosda, mehmonlar esa to‘liq oq rangli libosda tushadi.
O‘yinda bosh hakam vazifasini iordaniyalik Adham Muhammad Tuma Mahadme bajaradi. Unga hamyurti Muhammad Mustafo Hasan Alkalaf va Ahmad Muonnes Nadi Alroalle qanotlarda yordam beradi.

Shuningdek, bugun Toshkent vaqti bilan soat 23:15da Bag‘dod shahridagi «Madina» stadionida «Eyr Fors» va «Paxtakor» jamoalari o‘rtasidagi bahs boshlanadi.
Ma’lumot uchun, poytaxtimiz jamoasining navbatdagi raqibi Iroq chempioni unvonini sakkiz marta qo‘lga kiritgan va OFK Kubogining uch karra g‘olibi hisoblanadi. O‘tgan mavsumda ham ushbu klub Iroq chempionatida g‘olib bo‘lgan.
«Sherlar» mazkur jamoaga qarshi shu kunga qadar uch marta maydonga tushgan. Ushbu uchrashuvlarda «Paxtakor» ikki g‘alaba va bir durang qayd etgan. To‘plar nisbati — 3:1.
Umuman, «Paxtakor» Osiyo klublar musobaqalarida Iroq jamoalariga qarshi jami to‘qqizta uchrashuv o‘tkazgan. Dastlab, 2003-yil Toshkentda «Al-Talaba»ga qarshi bahsda 3:0 hisobida g‘alaba qozongan.
2005-yil «Zavra» bilan guruh bosqichidagi uchrashuvlarda iroqliklar 2:1 va 1:0 hisoblarida ustun kelgan. 2008-yil «Arbil»ga qarshi bahslarda esa «Paxtakor» Toshkentda 2:0, safarda 5:1 hisobida g‘alaba qozongan.
2019-yil «Eyr Fors»ga qarshi Toshkentda o‘tkazilgan pley-off uchrashuvida jamoamiz 2:1 hisobida zafar quchgan. 2021-yil ushbu klub bilan kechgan bahslarda 0:0 va 1:0 natijalari qayd etilgan. Oxirgi uchrashuvda esa «Shorta» bilan 0:0 hisobida durang o‘ynalgan.
Shu tariqa, «Paxtakor» Iroq klublariga qarshi o‘tkazgan to‘qqizta uchrashuvda besh g‘alaba, ikki durang va ikki mag‘lubiyat qayd etgan. Raqiblar darvozasiga 14 ta gol urgan jamoa o‘z darvozasidan beshta to‘p olib chiqqan.
Bugun o‘tkaziladigan boshqa uchrashuvlar:
21:00, «Al-Ahli» — «Al-Garafa», «Al-Ayn» — «Traktor»;
23:15, «Al-Nasr» — «Al-Vasl», «Al-Qodisiya» — «Al-Sadd».
Tur ertaga, 27-oktabr kuni «Shabab Al-Ahli» — «Istiqlol» va «Al-Shamal» — «Al-Hilol» uchrashuvlari bilan yakunlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Elit Osiyo chempionlar ligasining ikkinchi turidan keyin «Al-Ayn», «Istiqlol», «Al-Hilol» va «Shabab Al-Ahli» jamoalari olti ochkodan jamg‘argan. Ular to‘plar nisbatiga ko‘ra to‘rtlikni egallab turibdi.
«Al-Ahli» va «Al-Qodisiya» hisobida to‘rt ochkodan mavjud bo‘lib, ular beshinchi va oltinchi pog‘onalardan joy olgan. «Neftchi» hamda «Al-Nasr» esa kuchli sakkiztalikni yakunlab bermoqda.
«Paxtakor» va «Al-Shamal» ikki ochkodan jamg‘argan holda to‘qqizinchi va o‘ninchi o‘rinlarni band etgan. «Al-Ittihod» hamda «Traktor» bir ochkodan jamg‘arib, 11–12-pog‘onalarda bormoqda.
Dastlabki ikki turda mag‘lubiyatga uchragan «Al-Garafa», «Al-Vasl», «Al-Quva Al-Javiya» va «Al-Sadd» jamoalari esa hozircha ochko jamg‘ara olmagan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA