Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili: Buyuk doʻstlik ruhi bardavom
Yil davomida qozoq teatrlarining Oʻzbekistonga ijodiy safarlari uyushtirildi.
“Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining rasmiy yopilish marosimi boʻlib oʻtdi...
Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili doirasida boshlangan madaniy-maʼrifiy, gumanitar, siyosiy, ilmiy aloqalar Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili munosabati bilan oʻtgan tadbirlarga ulanib ketdi. Bu tadbirlar ikki xalq, bir tanu bir jon boʻlib ketgan ellarimizni yanada yaqinlashtirdi. Hamkorlik tadbirlari xalqlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlikni mustahkamlash va ulugʻlashdek mushtarak maqsadlarga xizmat qildi.
Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining oʻtkazilishi strategik sheriklik munosabatlari, ishonch va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash kuchayib borayotganidan darak. Bu xalqlarimiz oʻrtasidagi abadiy va samimiy doʻstlik, madaniy va maʼnaviy yaqinlikning namoyon boʻlishidir.

Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili doirasida turizm, madaniy-gumanitar, iqtisod sohalarida koʻplab tadbirlar, maʼrifiy uchrashuvlar, turli festival va ijodiy kechalar oʻtkazildi. Ikki mamlakat sanʼat namoyondalarining oʻzaro tashriflari amalga oshirildi.
Termiz shahrida oʻtkazilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalida qozogʻistonlik Uljan Baybusinova ishtirok etib, Gran-pri mukofotini qoʻlga kiritdi, Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyida Qozogʻiston muzeylarining “Buyuk dasht: tarix va madaniyat” nomli koʻrgazmasi, ikki tomondan 220 ga yaqin tadbirkorlar ishtirok etgan VI Oʻzbekiston – Qozogʻiston biznes-forumi oʻtkazildi.
“Qozogʻiston – Oʻzbekiston: hamkorlikning yangi qirralari” nomli kitob koʻrgazmasi, Qozogʻiston taʼlim kunlari, Qozogʻistonning “Saltanat” davlat raqs teatrining Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik Katta teatrida konserti va “Astana opera” teatri jamoasi tomonidan qoʻyilgan spektakl, “Oʻzbekkino” MA va “Qozoqfilm” AJ bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Qozogʻiston kinosi kunlari oʻtkazilgani koʻpchilikda katta qiziqish uygʻotdi.

Yil davomida qozoq teatrlarining Oʻzbekistonga ijodiy safarlari uyushtirildi. Oʻzbek milliy akademik drama teatrida “Abay” spektakli sahnalashtirilib, Qoʻstonoy viloyati I.Omarov nomidagi qozoq teatrining “Xan Kene” va “Ayman-Sholpan” spektakllari namoyish etildi.
Margʻilon shahrida oʻtkazilgan Xalqaro folklor musiqa festivalida Qozogʻistondan “Astar” jamoasi ishtirok etib, “Ajdodlarning unutilayotgan urf-odatlarini tarannum etgani uchun” nominatsiyasi bilan taqdirlangani ham esda qolarli, muhim tadbirlardan biri boʻldi.
Bugungi kunda mamlakatlarimiz oliy taʼlim tizimida hamkorlik mustahkam asoslarga ega. Mamlakatimizdagi maktablarda qozoq tili oʻqitiladi, oliy taʼlim muassasalarida qozoq tili, matematika, fizika va boshqa fanlar boʻyicha pedagog kadrlar tayyorlanadi. Bir qator loyihalar asosida hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlar, amaliy saʼy-harakatlar adabiyoti va madaniyati bir daryodan suv ichgan, azaldan qavmu qarindosh boʻlgan xalqlarimiz hayotida ezgulikka yoʻgʻrilganini koʻrsatadi. Mamlakatimizda Qozogʻiston adabiyoti va madaniyati markazining ochilishi esa mustahkam hamkorlik ifodasidir.
Oʻzbekistonda Qozogʻiston yiliga katta tayyorgarlik koʻrildi. Ikki mamlakatning turli soha vakillariga oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish, bilim va tajriba almashish uchun yangi yoʻl ochildi.
Qozogʻiston yili doirasida amalga oshirilgan har bir loyiha, har bir yangi qadam koʻp tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda beqiyos ahamiyatga ega boʻldi.

...Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov va Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aqtoʻti Raimqulova soʻzga chiqdi.
Aziz Abduhakimov mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etdi. Savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash yoʻlida ham muhim qadamlar qoʻyilgani taʼkidlandi.
– Bizning madaniyatimiz bir, – dedi Qozogʻiston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aqtoʻti Raimqulova. – Biz oʻzbek xalqini ogʻa-ini, doʻstu yor, birodar deb bilamiz. Oʻzbekistonda Qozogʻiston yilining keng nishonlanishi ikki el oʻrtasidagi madaniyat, ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. Koʻplab madaniy tadbirlar, ikki mamlakat sanʼat ustalari va teatr jamoalarining ijodiy safarlari tashkil etildi. Har tomonlama hamkorlik mustahkamlandi va doʻstligimiz bundan keyin ham davom etadi.
Tadbir katta konsert dasturi bilan yakunlandi.
