O‘zbekistonda qancha texnikum faoliyat yuritmoqda?
O‘zbekistonda o‘rta maxsus ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda texnikumlar muhim o‘rin tutib, minglab yoshlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalar egallashiga xizmat qilmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yili boshiga kelib O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan texnikumlar soni 712 tani tashkil etgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p texnikum Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan bo‘lib, ularning soni 71 taga yetgan. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati — 70 ta va Andijon viloyati — 69 ta bilan joylashgan.
Shuningdek, Farg‘ona viloyatida 66 ta, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 57 tadan texnikum faoliyat yuritmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Namangan viloyatida bu ko‘rsatkich 53 tani tashkil etgan.
Buxoro viloyatida 47 ta, Xorazm viloyatida 43 ta, Toshkent shahrida 37 ta, Jizzax viloyatida 36 ta texnikum mavjud. Eng kam ko‘rsatkich esa Navoiy viloyatida — 27 ta va Sirdaryo viloyatida — 26 ta qayd qilingan.
Hamroz Bayonov,
O‘zA