Nyu-Yorkda Turon sportini rivojlantirishga qaratilgan memorandum imzolandi
Yaqinda AQSHning Nyu-York shahrida Alfraganus universiteti hamda Xalqaro Turon federatsiyasi (International Turon Federation – ITF) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjat mazkur oliy ta’lim muassasasi rektori Azizbek Ismoilov va ITF prezidenti Farrux Niyazimbetov tomonidan imzolandi.
Bosh qarorgohi Qo‘shma Shtatlarning Nyu-York shahrida joylashgan Xalqaro Turon federatsiyasi nodavlat notijorat tashkilot sifatida faoliyat yuritadi. Federatsiyaning asosiy vazifasi Turon sportini xalqaro miqyosda rivojlantirish, havaskor va professional yo‘nalishlarni muvofiqlashtirish, xalqaro musobaqalar tashkil etish, murabbiylar va hakamlar malakasini oshirish hamda milliy federatsiyalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Ta’kidlanishicha, ushbu hamkorlik universitetning Jismoniy tarbiya va sport fakulteti faoliyatini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ta’lim, ilmiy tadqiqot va professional sportni o‘zaro uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.

Yig‘inda “Vatan New York” jamiyati raisi o‘rinbosari Fotima Muqimova hamda “Mardlik” ordeni sohibi, taniqli aktyor va boshlovchi Otabek Mahkamov mazkur memorandumning nafaqat ta’lim sohasi, balki milliy sportimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilishdagi ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tishdi.
Kelishuv doirasida 2027/2028-o‘quv yilidan Turon sporti bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish, professional murabbiylar, hakamlar va malakali sport mutaxassislarini tayyorlash, o‘quv dasturlari va baholash mezonlarini ITF bilan hamkorlikda ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun bepul xalqaro o‘quv hamda sertifikatlash dasturlarini tashkil etish, turon sporti tarixi, metodikasi va pedagogikasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, universitet qoshida Turon murabbiylari va hakamlarini tayyorlash hamda sertifikatlash markazini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, universitet vakillari ITF xalqaro musobaqalarida hakam, kuzatuvchi va texnik delegatsiya a’zosi sifatida ishtirok etish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
Tomonlar memorandumda belgilangan vazifalarni amaliy loyihalar orqali bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etish, qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar, mahorat darslari va xalqaro musobaqalarni tashkil etish yuzasidan kelishib oldilar.
O‘.Alimov, O‘zA