Nurotada tashabbuskor va ishbilarmon ayollar salohiyati yana bir bor namoyon bo‘ldi
Nurota tumanida xotin-qizlarning tadbirkorlik sohasidagi faolligini oshirish, ularning innovatsion g‘oyalari va istiqbolli biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovda tumanning turli mahallalaridan tashrif buyurgan 20 ga yaqin tadbirkor xotin-qizlar ishtirok etib, milliy hunarmandchilik, tikuvchilik, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, servis xizmatlari va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirayotgan faoliyatini namoyish etdi. Ko‘rgazmalarda ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar mehmonlar va hakamlar hay’atida katta qiziqish uyg‘otdi.
Tanlov ishtirokchilari nafaqat o‘z mahsulotlarini taqdim etdi, balki tadbirkorlikda orttirgan tajribalari, muvaffaqiyat omillari va kelgusidagi rejalari bilan ham o‘rtoqlashdi.

Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning mahsulot sifati, biznes yuritish tajribasi, yaratilgan ish o‘rinlari, iqtisodiy samaradorlik, innovatsion yondashuv va loyihalarni kengaytirish imkoniyatlari kabi muhim mezonlar asosida xolis baholash ishlarini amalga oshirdi.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, 1-o‘rin “So‘zani Aktamova” brendi asoschisi, milliy kashtachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Bahora Mamarajabovaga berildi. 2-o‘ringa poyabzal to‘qish va to‘quvchilik asosida turli buyumlar tayyorlash bilan shug‘ullanayotgan tadbirkor Gulrux Abduraimova, 3-o‘ringa esa zamonaviy tikuvchilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkor Gulbahor Hojiyeva munosib deb topildi.
Tadbir yakunida g‘oliblar va faol ishtirokchilar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri