Nukusda qariyb 78 gramm "marixuana"ning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar organlari hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan navbatdagi tezkor tadbir amalga oshirildi.
Tadbir davomida Nukus shahri hududida harakatlanib ketayotgan fuqaro belgilangan tartibda to‘xtatilib, xolislar ishtirokida shaxsiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Ko‘rik jarayonida mazkur shaxsga tegishli qora rangli qo‘l sumkasi ko‘zdan kechirilganda, uning ichida 16 dona gugurt qutisiga yashirilgan, jami qadog‘i bilan 77,56 gramm og‘irlikdagi “marixuana” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bojxona boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri