Nogironligi bo‘lgan shaxslarning qo‘l mehnati mahsulotlari yarmarkasi o‘tkazildi
"Imkoniyati cheklangan" degan tushuncha unchalik ham to‘g‘ri emas, aslida. Negaki, nogironligi bor insonlar ham barcha qatori juda ko‘p narsaga qodir. Xususan, ular qo‘l mehnati orqali mo‘’jizalar yarata oladi.
Ana shunday matonat egalarining mahoratini ommaga targ‘ib qilish va mehnatlarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent shahrida O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Toshkent shahar bo‘limi tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarning qo‘l mehnati mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Nogironlar jamiyati Markaziy boshqaruvi raisi K.Abdullayev ham ishtirok etib, yarmarka qatnashchilari bilan suhbatlashdi hamda ularning ijodiy va amaliy ishlari bilan yaqindan tanishdi.
Yarmarkada ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan milliy hunarmandchilik buyumlari, qo‘l mehnati mahsulotlari, ijodiy ishlar va amaliy san’at namunalari namoyish etilmoqda.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning mehnat va ijodiy salohiyatini keng jamoatchilikka namoyon etish hamda ijtimoiy faolligini oshirishdan iborat.
Sherbek Islomov,
O‘zA