Afsonaviy “Sharq Ekspressi” yana yo‘lga chiqmoqda
Yevropaning eng mashhur, eng romantik va eng sirli poyezdlaridan biri yana tarix sahnasiga qaytmoqda. Bir vaqtlar qirollar, diplomatlar, yozuvchilar va josuslar safar qilgan afsonaviy “Orient Express” endi o‘zga qiyofada, yangicha hasham va ruh bilan Rimdan Istanbulga yo‘l oladi.
Bugun – 22-oktabr kuni ilk safarini boshlaydigan “La Dolce Vita Orient Express” shunchaki poyezd emas, balki harakatlanayotgan saroy, vaqt bo‘ylab sayohat, ko‘hna Yevropa nafosati va zamonaviy lyuks turizm uyg‘unligidir.
Ha, 140 yillik afsona qayta tirilmoqda... 1883-yil Parijdan Konstantinopol, ya’ni bugungi Istanbul tomon ilk bor yo‘lga chiqqan “Sharq Ekspressi” qisqa vaqt ichida dunyodagi eng mashhur poyezdga aylanib, “Poyezdlar qiroli” nomini olgan edi. Bu karvonda Fransiya prezidentlari, Yevropa qirollari, mashhur josus Mata Xari va detektiv roman ustasi Agata Kristi safar qilgan. Aynan shunday sayohatlardan biri mashhur “Sharq Ekspressidagi qotillik” asariga ilhom bergan. Istanbuldagi mashhur “Pera Palace Hotel” ham o‘chmas tarixning ajralmas bir bo‘lagi.
Bu oqshom qadim afsona italyancha nafosat, “Michelin” besh yulduzli taomlar va sokin sayohat falsafasi bilan qayta tiriladi. Poyezd ichi o‘tgan asr 60-yillari Italiyasi ruhida qimmatbaho yog‘och, yumshoq mato, zarhal bezak, vintaj va zamonaviy dizayn uyg‘unligida bezatilgan. Kupe va “suite” Milandagi mashhur “Dimorestudio” tomonidan ishlangan. Mijoz har qadamda eski Yevropaning boy va romantik muhitini his etadi.
Yo‘lovchilar sayohatni “Roma Ostiense Railway Station” hududida joylashgan “Orient Express Lounge” dan boshlaydi. Mehmonlar yengil yegulik va italyan jonli musiqasi bilan qarshi olinadi. Shundan so‘ng poyezd tun bag‘rini yorib, yo‘lga tushadi.
Tarkib ichidagi hayot alohida olam: yulduzli taom, jonli kuy, nafis kechki ovqat, sara ichimliklar, shinam tungi muhit va alohida restoran. 7 kvadrat metrli lyuks va 11 kvadrat metrli katta suitlar. Har bir xona alohida yuvinish joyi, noyob mebel, qimmatbaho yotoq majmuasi bilan jihozlangan.
Rimdan tunda boshlanadigan besh kunlik afsonaviy sayohat ishtirokchilari uchun ilk tong Venetsiyada yorishadi. Bu kentda kanal bo‘ylab qayiq sayohati, Kazanova yo‘nalishi, tarixiy saroy, maxfiy ko‘chalar bilan tanishish mumkin. “Suv ustidagi shahar” sayohatchilarni boshqa asrga olib o‘tadi, go‘yo.
3-kun sayyohlar “Dunay durdonasi” deb ataluvchi Vengriya poytaxti Budapeshtda, buyuk daryoning ikki qirg‘og‘ida yastangan Buda va Peshta tekisliklari, parlament binosi ko‘prigi, tarixiy qahvaxona va restoranlarni tomosha qilishadi.
4-kun esa poyezd Karpat tog‘i va Ruminiyani kesib o‘tadi. Yo‘nalish bo‘ylab Brashov, Sinaviya kabi mashhur maskanlar – o‘rta asr qal’alari, tumanli tog‘, Yevropa tabiatining o‘ta maftunkor manzarasidan bahramand bo‘lish imkoni bor.
5-kun tushdan keyingi tarixiy manzil – dunyo yuragi Istanbul. Zero, Yevropa Sharq bilan aynan shu zaminda tutashadi. Yo‘lovchilar Rim va Usmoniylar merosi, ya’ni sharq va g‘arb madaniyati uyg‘unligini his qilib, ajoyib go‘zallikka oshno bo‘ladilar.
Shu tarzda afsonaviy sayohat Istanbul gumbazlari va gavjum ko‘chalari bag‘rida yakunlanadi.
“La Dolce Vita Orient Express” narxi 20 000 yevrodan boshlanadi. Ekspressdagi 5 kunlik hayot ko‘hna qit’a tarixi, muhabbat, sir, hasham, musiqa, sokinlik va huzur ichra kezish, demak.
Rim – Istanbul oralig‘ida kishi nafaqat shaharlar aro, balki vaqt uzra ham sayohat qiladi.
Nodira Kayimova, O‘zA