Nodirbek Abdusattorov blits yo‘nalishida 1-o‘rinni egalladi
Xorvatiyaning Zagreb shahrida “SuperUnited Rapid & Blitz Croatia 2026” musobaqasi yakunlandi.
Mukofot jamg‘armasi 200 ming AQSH dollaridan iborat nufuzli turnirda hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov, fransiyalik Alireza Firuzja va Maksim Vashe-Lagrav, hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxa va Dommaraju Gukesh, niderlandiyalik Anish Giri va Jordan Van Forest, germaniyalik Vinsent Kaymer, ruminiyalik Bogdan-Danel Dyak, xorvatiyalik Ivan Sarich g‘oliblik yo‘lida kurash olib bordi.
“Grand Chess Tour” tizimidagi “SuperUnited Rapid & Blitz Croatia 2026” musobaqasining rapid yo‘nalishida 12 ochko jamg‘argan Alireza Firuzja 1-o‘rinni, hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxa 12 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 2-o‘rinni hamda 11 ochko jamg‘argan fransiyalik Maksim Vashe-Lagrav 3-o‘rinni egalladi.

Musobaqaning 18 ta turdan iborat blits bahslarida esa terma jamoamiz sardori Nodirbek Abdusattorov o‘ziga xos o‘yin namoyish etib, 12,5 ochko jamg‘argan holda Zagreb turnirining blits yo‘nalishi g‘olibiga aylandi. Ikkinchi o‘rin 11,5 ochko to‘plagan Alireza Firuzjaga, 3-o‘rin 10,5 ochkoga ega chiqqan Maksim Vashe-Lagravga tegishli bo‘ldi.

“SuperUnited Rapid & Blitz Croatia 2026” musobaqasi sarhisobiga ko‘ra, Nodirbek Abdusattorov va Alireza Firuzja 24 ochkoga egalik qilgan holda qo‘shimcha tay-brek bellashuvida ro‘baro‘ keldi.
Tay-brekning birinchi va ikkinchi partiyalarida tomonlar murosa yo‘lini tanlagani bois musobaqa g‘olibi armageddon formatidagi bahsda aniqlanadigan bo‘ldi.
Mazkur o‘yin shaklida oqlar 5, qoralar 4 daqiqa vaqt bilan harakatlanishi belgilangan bo‘lib, 61-yurishdan boshlab har bir dona surishga 2 soniyadan vaqt qo‘shilishi belgilangan.

Tashlangan qur’aga binoan armageddon formatining ilk o‘yinida Alireza Firuzja qora donalarda durangga erishishi ortidan “SuperUnited Rapid & Blitz Croatia 2026” g‘olibligini qo‘lga kiritdi va 47 ming 500 AQSH dollari bilan taqdirlandi.
O‘z navbatida, 2-o‘rinni egallagan Nodirbek Abdusattorov 42 ming 500 AQSH dollari miqdoridagi mukofot pulini qo‘lga kiritdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA