Niyat qat’iy, tayyorgarlik jiddiy
Umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining final bellashuvlari Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tadi. “Kichik olimpiada” tarkibiga kiritilgan 17 sport turi bo‘yicha qoraqalpog‘istonlik yosh sportchilar ham puxta hozirlik ko‘rmoqda.
Umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining final bellashuvlari Xorazm viloyatida bo‘lib o‘tadi. “Kichik olimpiada” tarkibiga kiritilgan 17 sport turi bo‘yicha qoraqalpog‘istonlik yosh sportchilar ham puxta hozirlik ko‘rmoqda.– “Umid nihollari – 2015” sport o‘yinlarining final bosqichiga tayyorgarlikni o‘tgan yilning noyabr oyidan boshlagan edik, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati raisi o‘rinbosari Salavat O‘rinboyev. – Dastlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi terma jamoasini shakllantirish maqsadida musobaqalar tashkil etildi. Ushbu bellashuvlarda o‘zini ko‘rsatgan eng yaxshi 208 sportchi saralab olinib, terma jamoa a’zolari va zaxira tarkibi shakllantirildi. Joriy yilning fevral va aprel oylarida ikki bosqichli o‘quv-tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkazilib, ularga 20 nafar malakali murabbiylar jalb etildi. Ayni paytda yosh sportchilarimizning mahoratini yanada oshirish, ruhiy-jismoniy tayyorgarligini me’yoriga keltirish uchun grafik asosida ish olib borilmoqda.
Belgilangan reja asosida jamoaviy o‘yinlar bo‘yicha qoraqalpog‘istonlik sportchilar yanvar va fevral oylarida xorazmlik tengdoshlari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazib, o‘z mahoratlarini charxladi. Sport gimnastikasi bo‘yicha o‘n sportchi ikki murabbiy rahbarligida Toshkent shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida qatnashdi.
– Sport gimnastikasi bilan to‘rt yildan buyon muntazam shug‘ullanaman, – deydi yosh sportchi I.Ismoilov. – Prezidentimiz rahnamoligida sport, xususan, gimnastikani rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasini o‘zimizning hayotimiz misolida ko‘rib turibmiz. O‘tgan yilning oxirida Moskva shahrida 1999-2000-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada birinchi o‘rinni egalladim.
Xorazmdan faqat g‘alaba bilan qaytishni maqsad qilgan qoraqalpog‘istonlik yosh sportchilar musobaqalarga puxta hozirlik ko‘rmoqda.