“Nigoh”: eng yaxshi 5 ta loyiha saralab olindi
Madaniyat vazirligi binosida rejissyor, dramaturg, kompozitor va rassomlarni yagona ijodiy maydonda birlashtirishga qaratilgan “Nigoh” ijodiy loyihasining yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi tegishli qarori ijrosi doirasida Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda O‘zbekiston Kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining qo‘shma qarori asosida amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning 7–10-sentabr kunlari Parkent ijod uyida o‘tkazilgan loyihaning navbatdagi uchrashuvida 50 dan ortiq ijodkor 15 ta yangi ijodiy loyiha bilan ishtirok etdi.
Uch kun davomida ishtirokchilar uchun teatrshunoslik, rejissura, sahna nutqi, qo‘g‘irchoq san’ati va zamonaviy texnologiyalarni teatr san’atiga joriy etish yo‘nalishlarida mahorat darslari, uchrashuvlar, ko‘rgazmalar hamda ijodiy loyihalar muhokamalari tashkil etildi.
Tajribali ustoz va murabbiylardan iborat 9 nafarlik baholash komissiyasi tomonidan ishtirokchilarning ishlari ko‘rib chiqilib, eng yaxshi 5 ta ijodiy loyiha saralab olindi. Bular:
“Shiroq haqida afsona” — rejissyor Otabek Yoqubov, dramaturg Shahboz Fayzullayev, rassom Islomxo‘ja To‘xtaxo‘jayev, kompozitor Ayapbergen Otegenov;
“Osmon zangori” — rejissyor G‘iyosiddin Mirzamahmudov, dramaturg Go‘zaloy Matyoqubova, rassom Ixtiyor G‘oipov;
“Rangsiz gullar” — rejissyor Shuhrat Ibragimov, dramaturg Doston Rahmatullayev, rassom Sardor Otaboyev;
“Vaqtni to‘xtatgan bola” — rejissyor Farhod Mirzayev, dramaturg Mansurbek Ro‘ziyev, rassom Shuhrat Mahmudov;
“Alla” — rejissyor Nodira Akramova, dramaturg Nilufar Karimova, rassom Ixtiyor G‘oipov.
G‘olib jamoalarning har biri Madaniyat vazirligi tomonidan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 baravari miqdorida moddiy rag‘batlantirildi.
G‘oliblarga vaucherlar hamda tashakkurnomalar Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, “Nigoh” ijodiy loyihasida faol ishtirok etgan soha vakillariga Madaniyat vaziri o‘rinbosari Sanjar Bobojonov tomonidan vazirlikning tashakkurnomalari topshirildi.
Taqdirlash marosimida loyihaning hamkor tashkilotlari — O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi vakillari ishtirok etdi.
“Nigoh” ijodiy loyihasi milliy teatr san’atini yangi ijodiy g‘oyalar, zamonaviy yondashuvlar va ijodiy hamkorlik asosida rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim maydon sifatida o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.
N.Usmonova, O‘zA