Komila Sultonovaning yangi kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, jurnalist va ijodkor Komila Sultonovaning “Aks olam” hamda “Hayot tilsimi” nomli kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ijodkorning jurnalistika va adabiyot yo‘nalishidagi ko‘p yillik ijodiy faoliyati, hayotiy kuzatuvlari hamda yangi asarlarining mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.
“Aks olam” va “Hayot tilsimi” kitoblarida muallifning inson, hayot, taqdir va jamiyat haqidagi qarashlari, turli hayotiy kechinmalar va mushohadalari o‘ziga xos ijodiy talqinda aks etgan.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar Komila Sultonovaning jurnalist sifatidagi faoliyati bilan bir qatorda, ijodkor sifatidagi izlanishlarini ham alohida e’tirof etdi. Uning asarlarida hayot voqealariga teran nigoh, inson ruhiyatiga e’tibor va so‘zga mas’uliyatli munosabat yaqqol namoyon bo‘lishi ta’kidlandi.
Ijodiy uchrashuvda jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar, ijodkorlar, adabiyot ixlosmandlari hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi vakillari ishtirok etdi.
[photobank-31346]
Samimiy suhbat va fikr almashuvlar ruhida o‘tgan tadbirda muallifning ijodiy faoliyati, kitoblarning yaratilish jarayoni va ulardagi g‘oyalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
N.Usmonova,
O.Pardayev (suratlar), O‘zA