Jizzax tog‘lari o‘zbekcha nomlanmoqda
Geografik nom xaritadagi oddiy yozuv emas. U hududning tarixi, tabiati, xalq xotirasini o‘zida mujassam etgan o‘ziga xos atamadir. Shu bois tog‘lar, dovonlar, daralar va cho‘qqilar nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirishni ham oddiy nom o‘zgarishi sifatida baholab bo‘lmaydi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi 376-son qarori bilan mamlakatimizdagi ayrim tog‘ tizmalari, tog‘lar, cho‘qqilar, daralar, dovonlar va g‘orlarning nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirilib, ayrim ob’ektlarga yangi nomlar berildi. Eng muhimi, qaror bilan tasdiqlangan nomlar normativ-huquqiy hujjatlar, xaritalar, ish yuritish hujjatlari va xizmat yozishmalarida qo‘llanishi belgilab qo‘yildi.

Jizzax viloyatiga oid ro‘yxatga nazar tashlasak, bu boradagi ishlarning ko‘lami yaqqol namoyon bo‘ladi. Baxmal tumanidagi Guldravut tog‘ tizmasi Guldurovut, Kattatau Kattatog‘, Kыzыlturuk Qizilto‘riq shakliga keltirilgan. Forish tumanidagi Baliqlitov Baliqlitog‘, Dushak Qo‘shqoya, Koytash Qo‘ytosh, Karatau Qoratov, Xanbandыtag esa Xonbanditog‘ deb belgilangan.
G‘allaorol tumanidagi Akchagal tog‘ tizmasi Oqchag‘al, Karakchitau Qaroqchitog‘, Katarmaya Qatormoya, Mardjan Marjontog‘ tarzida rasmiylashtirilgan. Jizzax shahri hududidagi Yetimtov tog‘ining nomi esa Yetimtog‘ shaklida belgilangan.
Zomin tumanida ham bir qator geografik nomlar davlat tili me’yorlariga muvofiqlashtirildi. Jumladan, Kulsu tog‘ining nomi Ko‘lsuv, Almali tau Olmalitog‘, Kuyantag Quyontog‘, Turatau To‘ratog‘, Tuyatau Tuyatog‘, Chakmaktash esa Chaqmoqtosh deb belgilandi.

Qarordagi o‘zgarishlar tog‘lar bilangina cheklanmaydi. Jizzax viloyatidagi ayrim dovonlar ham rasmiy nomga keltirilgan. Aybadam — Oybodom, Koshtepa — Qo‘shtepa, Kuchchisay — Quchchisoy, Yangak — Yong‘oqli, Kaburgan — Qoburg‘on, Kumbel — Qumbel tarzida belgilangan. Temir Kapig (Ilono‘tdi) darasi esa Temirqapug‘ nomi bilan ro‘yxatga kiritilgan.
Bu o‘zgarishlarning amaliy ahamiyati ham salmoqli. Qarorga muvofiq, tegishli hujjatlar, xaritalar va ma’lumotlar bazalari yangilanadi. Tog‘ tizmalari, tog‘lar, cho‘qqilar, daralar va dovonlarga o‘rnatilgan peshlavha hamda axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlar davlat tili qoidalariga muvofiqlashtirilmoqda.

Zero, geografik nomning yagona va aniq shaklda qo‘llanishi faqat til madaniyati masalasi emas. U xaritalar, navigatsiya, kadastr, turizm va boshqa sohalarda axborotning bir xil talqin qilinishi uchun ham muhim. Bir nomning turlicha yozilishi esa ba’zan oddiy til xatosidan ko‘ra kattaroq amaliy noaniqliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu ma’noda Vazirlar Mahkamasining 376-son qarori Jizzaxning tog‘lari, daralari va dovonlariga daxldor nomlarni tartibga solish bilan birga, davlat tilining rasmiy makondagi aniq va birxil qo‘llanishini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Xaritadagi bir so‘zning o‘zgarishi oddiy tuzatishdek ko‘rinishi mumkin. Ammo uning ortida hududning nomini to‘g‘rilash, tarixiy-madaniy xotirani asrash va kelajak avlodga aniq geografik meros qoldirishdek katta mas’uliyat mujassam.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri