Nevada o‘rmonida yong‘in avj oldi
AQSHning Nevada shtatida joylashgan harbiy sinov maydonchasida 5200 gektarga yaqin maydonni qamrab olgan o‘rmonda yong‘in avj oldi.
Qo‘shma Shtatlar Yer resurslarini boshqarish byurosi ma’lumotiga ko‘ra, “Quali Springs” deb nomlangan ushbu alanga davomli issiq va kuchli shamol sababli nazoratdan chiqib, shimol tomon kengaymoqda.
Hududning tog‘li va murakkab relefi hamda olovning tez tarqalishi yong‘inni o‘chirish ishlarini qiyinlashtirmoqda. Byuro xabariga ko‘ra, hafta oxirigacha mintaqada issiq va quruq havo saqlanib qoladi.
Yong‘in sodir bo‘lgan hudud Las-Vegas shahridan 15 kilometr shimolda joylashgan bo‘lib, bu yerda 1950–1990-yillar oralig‘ida 900 dan ortiq yadroviy sinovlar o‘tkazilgan. Shuningdek, ushbu poligonda NUJ haqidagi turli taxminlar bilan mashhur bo‘lgan “51-hudud” (Area 51) joylashgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA