Ispaniya Seutadagi migratsiya inqiroziga qarshi chorani kuchaytirdi
Ispaniya Shimoliy Afrikada joylashgan Seuta muxtor shahrida chuqurlashayotgan migratsiya inqiroziga qarshi chorani kuchaytirdi. Qo‘shni Marokashdan minglab muhojir chegarani kesib o‘tgach, mamlakat hukumati Fuqarolik gvardiyasiga ko‘maklashish uchun harbiy kuch jalb qildi.
Mahalliy “El País” gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, Ispaniya hududiga dengiz orqali yetib kelishga uringan 18 migrant halok bo‘lgan. Rasmiylar bildirishicha, payshanba kuni minglab muhojir Seutaga kirib kelishi oqibatida qabul markazlari va xavfsizlik xizmatiga beqiyos bosim yuzaga kelgan.
Ispaniyaning yana bir Shimoliy Afrika anklavi – Melilya bilan Marokash o‘rtasidagi yagona faol chegara o‘tish manzili hisoblangan Beni Enzar nazorat-o‘tkazish maskani yuzlab migrantning ommaviy ravishda chegaradan o‘tishga urinishi sababli yopildi. Mahalliy hokimiyat xavfsizlik amaliyotini osonlashtirish maqsadida aholini chegara hududiga yaqinlashmaslikka chaqirdi.
Vaziyat Ispaniya va Italiya o‘rtasida diplomatik taranglikni ham yuzaga keltirdi. Ma’lumki, Italiya Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani Seutadagi holat tufayli Ispaniyani Shengen hududidan chetlatishga chaqirdi. Ushbu bayonotga javoban Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares Italiyaning Madriddagi elchisi Juzeppe Buchchino Grimaldi TIVga chaqirilganini ma’lum qildi.
Tayani ijtimoiy tarmoq orqali Ispaniya hukumatining 500 000 dan ko‘p hujjatsiz migrantning huquqiy maqomini rasmiylashtirish to‘g‘risidagi qarori odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy tarmoqni rag‘batlantirganini ta’kidlagan. Albares esa bu xulosani o‘rinsiz baholab, Ispaniya hamkor davlatdan “siyosiy populizm emas, balki Yevropaga xos hamjihatlik kutayotganini bildirdi.
Bosh vazir Pedro Sanches va ichki ishlar vaziri Fernando Grande-Marlaska juma kuni Seutaga borishi kutilyapti. Xullas, hukumat migratsiya inqiroziga qarshi chorani yanada kuchaytirmoqda. Seuta va Melilya YeIning Afrika qit’asidagi yagona quruqlik chegarasi hisoblanadi. Bu hudud ko‘p yildan buyon ko‘hna qit’aga kirib olish istagidagi muhojirlar uchun asosiy nuqta sifatida ko‘riladi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA