Nemis tili o‘qituvchilari tajriba almashmoqda
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida “Nemis tili o‘qituvchilarining XVII anjumani” o‘z ishini boshladi. Shu munosabat bilan mamlakatimizning barcha hududlaridan kelgan 250 dan ziyod nemis tili o‘qituvchisi malaka oshirish va tajriba almashish maqsadida uchrashdi.
Anjuman Germaniya Federativ Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi tomonidan Gyote instituti, Shveysariya elchixonasi, O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida faoliyat yurituvchi o‘qituvchilar, shuningdek, Germaniyaning xorijdagi maktablar bosh boshqarmasi (ZfA) va O‘zbekiston nemis tili o‘qituvchilari uyushmasi (DLV) hamkorligida tashkil etildi.
Nemis tili dunyoda eng ko‘p qo‘llaniladigan tillardan biri hisoblanadi. Jahon bo‘yicha 130 millionga yaqin kishi nemis tilini ona tili sifatida biladi. O‘zbekistonda ham nemis madaniyati va tilini o‘rganishga qiziqish katta. Aynan ushbu til mamlakatimizda eng ommalashgan xorijiy tillar orasida ikkinchi o‘rinni egallaydi. Bugungi kunda yurtimizda 300 mingga yaqin kishi olmon tilini o‘rganmoqda, 3 mingdan ortiq o‘qituvchi ushbu tildan dars beradi.
[gallery-20238]
Anjuman avvalida, mamlakatimizda xorijiy tillar, xususan, nemis tilini o‘qitish, xalq orasida ommalashtirish, yangi o‘quv-uslubiy qo‘llanmalarni joriy qilish, nemis tili o‘qituvchilarining ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi. Uzluksiz ta’lim tizimida nemis tilini o‘qitishni keng joriy qilish, nemis tiliga ixtisoslashgan maktablar sonini ko‘paytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
– Yigirma besh yildan buyon nemis tilidan dars beraman, - deydi Buxoro davlat universiteti xorijiy tillar fakulteti o‘qituvchisi Gulshan Hayitova. – Anjumanda qatnashar ekanman, nemis tilini o‘qitishning zamonaviy uslublari, yangi qo‘llanma va darsliklar bilan tanishish, tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldim. Gyote sertifikati hamda nemis tilini bilish darajasini beruvchi boshqa sertifikatlarni olish uchun talabalarni tayyorlashda ilg‘or tajribalarni o‘rganish juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ikki kunlik anjuman davomida turli mavzularda seminar va mahorat darslari o‘tkaziladi. Ushbu seminarlarda germaniyalik va o‘zbekistonlik mutaxassislarning nemis tilini o‘rgatish va o‘rganish bo‘yicha ma’ruzalari tinglanadi. Ishtirokchilar nemis tilini o‘qitish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashib, fanni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishda bevosita ishtirok etadi.
Kamola Yusupova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA