“Navoiyuran” DK konchilari sharaflandi
Zafarobod shaharchasida O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni kasb bayrami hamda “Zafarobod” kon boshqarmasi tashkil etilganining 55 yilligi munosabati bilan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda “Navoiyuran” davlat korxonasi tizimida ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan soha ilg‘orlari, muhandis-texnik xodimlar, mehnat faxriylari, keng jamoatchilik va mahalla faollari ishtirok etdi.

Unda “Navoiyuran” davlat korxonasi Bosh direktori Djamal Fayzullayev, Konimex tumani hokimi Ruslan Ro‘ziyev so‘zga chiqib, bugungi kunda korxonaning mamlakatimiz sanoat salohiyatini yuksaltirish, iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash va strategik ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, korxonada geologiya-qidiruv ishlari, uran qazib olish va qayta ishlash jarayonlariga zamonaviy texnologiyalar, innovatsion yechimlar hamda ilg‘or ishlab chiqarish yondashuvlari keng joriy etilayotgani yuqori samaradorlikka xizmat qilmoqda.
Mazkur zaminda dunyoda ilk bor uran qazib olishning yer ostida ishqorlash usuli amaliyotga joriy etilib, jahon konchilik sanoati taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tantanali marosimda ko‘p yillik samarali va fidokorona mehnati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh rahbarlar, muhandis-texnik xodimlar va ishchilar munosib rag‘batlantirildi. Ularga “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, “Navoiyuran faxriysi” unvoni, korxonaning “Faxriy yorlig‘i” hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bayram tadbiri madaniy-konsert dasturi bilan yanada ko‘tarinki ruhda davom etdi. Poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli estrada xonandasi Nilufar Usmonova, shuningdek, “Yoshlik” madaniyat uyi hamda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Navoiy viloyati bo‘linmasi badiiy jamoalarining chiqishlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri