Xasta ko‘ngillarga mehru quvonch ulashib
Prezident qarori – amalda
Mamlakatimizda inson manfaatlari va xalqimiz roziligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. Eng muhimi, “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyilini amalga oshirish borasidagi ezgu sa’y-harakatlarda hech kim e’tibordan chetda qolmayapti.

Tabarruk kunlar shukuhi kezib yurgan ayni vaqtda yurtimizda mehr va saxovat ishlari yanada keng quloch yozmoqda. Prezidentimizning 2026-yil 21-maydagi “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori elimizga xos mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bag‘rikenglik fazilatlarining amaldagi ifodasi bo‘ldi.

Mazkur hujjat ijrosi doirasida Namanganda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi, O‘zbekiston Musulmonlari idorasining viloyat vakilligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va mahalliy hokimliklar tomonidan mahallalarda moddiy himoyaga muhtoj bemor bolalarga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.
Ushbu qutlug‘ ayyomda aholini davlat tomonidan qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilgan.

Binobarin, alohida toifadagi bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, jarrohlik amaliyoti va davolash xarajatlarini qoplash belgilangan.
Birinchi galda, kam ta’minlangan, ko‘makka ehtiyojmand bemorlar ro‘yxati shakllantirildi. Hududlarda xastahollarning xonadonidan xabar olinib, bemor bolalarga salomatligini tiklash uchun vaucherlar topshirilmoqda. Bu esa, ko‘plab oilalarga umid va quvonch ulashmoqda.
Kosonsoy tumanidagi Qo‘qimboy qishlog‘i, Beshketmon mahallasida istiqomat qiluvchi Muhammadjon Yusubjonov ham ana shunday mehrga tashna kishilardan. Tug‘ma o‘pka arteriyasi klapani stenozi xastaligi bilan kurashayotgan bu bemor uchun ham endi shifo sari yo‘l ochildi. Chunonchi, bolaliklikdan nogironligi bo‘lgan farzandni sog‘lomlashtirish ota-onaning orzusi edi. Yo‘qlov jarayonida bemorni Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filialida sog‘lomlashtirish uchun vaucher taqdim etildi.

Bog‘ishamollik Xadichaxon Abdumannonova gavdaning termik va kimyoviy ko‘yishi hamda sovuq olishlari oqibatidan aziyat chekayotgan edi. Hukumatimiz, xususan, “Vaqf” fondining moliyaviy madadi bilan unda plastik jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladigan bo‘ldi.

Bundan tashqari, O‘rtako‘prik mahallasida yashovchi Nurmuhammad Sangilov esa qizilo‘ngach tutilishida qiynalib yurgan edi. Yaqin kunlarda u bu murakkab xastalikdan jarrohlik amaliyoti vositasida forig‘ bo‘ladi.
Yaqin kunlarda Namangan viloyatidagi 800 nafardan ortiq bemor bolaga yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatiladi. Mazkur chora-tadbirlar davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Vaqf” xayriya jamoat fondiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA