Navoiy qahramonlari konchi yoshlar talqinida (+video)
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida ham buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan “Navoiy yodi ila yashaymiz mudom” nomli badiiy kecha o‘tkazildi.
Konchilik fakulteti talabalari tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda universitet prorektori Jamoliddin Nazarov so‘zga chiqib, buyuk ajdodimiz dahosini ulug‘lash asnosida uning ijodini targ‘ib qilish, milliy o‘zligimizni chuqur anglash, allomaning yaratgan betakror ilmiy-ijodiy merosini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ongiga singdirish ustozlar zimmasidagi muhim vazifa ekanligini ta’kidladi.
Tadbirda talabalar tomonidan “Alisher va Lutfiy”, “Navoiy va Guli”, “Shoh Husayn va mutafakkir” nomli sahna ko‘rinishlari mahorat bilan ijro etildi. Shoir ijodidan g‘azallar o‘qildi. Sahnada gavdalantirilgan har bir qahramon siymosi tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lib, yoshlarning bilimi va mahoratini namoyish etdi.
– Bugungi tadbirda Guli monologini ijro etdim, – deydi universitet 3-bosqich talabasi Gulchehra Davronova. – O‘ylaymanki, barcha talabalar xotirasida Guli obrazini gavdalantira oldim, deb hisoblayman. Jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan bobokalonimiz, g‘azal mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy dunyo adabiyotida va tarixida alohida o‘ringa ega shaxs sanaladi. Mutafakkirning ilmiy-ijodiy merosi, ulkan faoliyati hamisha o‘rganiladi va ibrat olinadi.
[gallery-15881]
Darhaqiqat, Navoiy asarlarining har biri – xazina, ulkan ummon. Mutafakkirning qay bir kitobini olib o‘qimang, dur-u javohirlarga, purhikmat misralarga duch kelasiz. “Mahbub ul-qulub”da muallif shunday yozadi:
“Har nekim, bebaqodur, anga ko‘ngul bog‘lamoq xatodur. Ulki andin o‘zga borig‘a ma’razi zavoldur. Ul boqiydin o‘zga bori foniylarin unut. Bayt:
Aning ishqin berk tutmoq kerak,
Yana boru yo‘qni unutmoq kerak.”
Albatta, har bir inson bu foniy hayotda qadr-qimmatini saqlashga urinarkan, boqiy tuyg‘ulargina uni doimo pok tuta biladi. Mana shunday insoniy fazilatlarni esa teran va chuqur bilish har bir inson odamiylikni sayqallashi uchun muhim.
– Milliy davlatchiligimiz tarixida ikkita Renessans davri bo‘lgan bo‘lsa, shu ikkinchi Renessansning eng yuqorisida biz Alisher Navoiyni ko‘ramiz, – deydi Navoiy davlat konchilik va texnologiyalari universiteti 3-bosqich talabasi San’at Temirov. – Navoiy ijodini o‘rganish har bir davrda o‘zining dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotmaydi. Bugungi axborot olami, axborot ummoni qanchalik keng bo‘lmasin, bizning qalbimizda ma’naviyatga, mehrga bo‘lgan muhtojlik mavjud. Buni esa Navoiy ijodini o‘rganish davomida to‘ldirib boraveramiz. Alisher Navoiy ijodini ummonga qiyoslasak, biz bu ummonni hali to‘liq tatbiq qilib chiqqanimiz yo‘q. Hali o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p.
Yosh avlod tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan bunday badiiy kechalar alloma hayoti va ijodini chuqur o‘rganishda hamda anglashda muhim o‘rin egallaydi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/dEZARgDXgec" title="Navoiy qahramonlari konchi yoshlar talqinida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat,video), O‘zA muxbirlari