NATOning Anqaradagi yig‘ilishida Donald Tramp shaxsan qatnashadi
Joriy yilning iyul oyida Turkiya mezbonlik qiladigan NATOning oliy darajadagi yig‘ilishida AQSH prezidenti Donald Tramp ham ishtirok etadi.
Bu haqda AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning bayonotiga tayanib, “Anadolu” agentligi xabar bermoqda. Vakillar palatasining Tashqi ishlar qo‘mitasida so‘zga chiqqan Rubio 7–8-iyul kunlari Anqarada bo‘lib o‘tadigan mazkur sammit harbiy blok tarixida tub burilish yasaydigan voqeaga aylanishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington alyansdagi o‘z o‘rnini saqlab qoladi hamda muloqotlarda faol ishtirok etadi. AQSH tashqi siyosat idorasi rahbari NATO tizimida jiddiy yangilanishlar va islohotlar o‘tkazish vaqti kelganini, Anqaradagi muzokaralarda aynan shu masala diqqat markazida bo‘lishini bildirdi.
Bo‘lajak sammit kun tartibidan harbiy blokning kelgusi strategiyasini belgilash, a’zo davlatlarning mas’uliyatini oshirish hamda global xavfsizlikni ta’minlash borasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish kabi muhim mavzular o‘rin olgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA