Natalya Kochanova: Parlamentlararo forum – Belarus - O‘zbekiston hamkorligining natijador formatlaridan biriga aylandi
«Strategik sheriklik: parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, yangi vazifalar va hamkorlik istiqbollari» mavzusidagi O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumining yalpi majlisida Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika kengashi raisi Natalya Kochanova so‘zga chiqdi.
N.Kochanova Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga forumni shaxsan qo‘llab-quvvatlaganlari uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
– Joriy yilda O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi nishonlandi, - dedi N.Kochanova. – O‘zbekistonlik do‘stlarimizni ushbu qutlug‘ sana bilan chin qalbdan muborakbod etamiz. Biz strategik sheriklik darajasini yuksak qadrlaymiz va davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanishiga ishonamiz. Qardosh o‘zbek xalqiga tinchlik, ezgulik va farovonlik tilaymiz.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar 33 yil muqaddam o‘rnatilgani, Belarus Prezidenti A.Lukashenko o‘zining birinchi rasmiy tashrifini 1994-yilda aynan O‘zbekistonga amalga oshirgani qayd etildi. Ushbu tarixiy fakt tufayli Belarus O‘zbekiston bilan sheriklikka alohida ahamiyat qaratadi.

Yillar o‘tishi bilan mazkur hamkorlik yanada mustahkamlanib, o‘zaro hurmat, ishonch va strategik manfaatlarning mushtarakligiga asoslangan jadal va izchil rivojlanish dinamikasini namoyon etmoqda.
Belarus va O‘zbekiston xalqaro huquq normalari, suveren tenglik va davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga asoslangan adolatli, ko‘p qutbli dunyo tartibini shakllantirish tarafdori bo‘lib kelmoqda.
Joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifidagi oliy darajadagi muzokaralar yakuniga ko‘ra, davlatlarimiz o‘rtasida strategik sheriklikni o‘rnatish to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi. 2026 - 2030-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Asosiy yo‘nalishlar sifatida sanoat kooperatsiyasi va qo‘shma ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish, transport-logistika, mintaqalararo hamda gumanitar aloqalarni kengaytirish belgilandi.

Xiva forumining «Strategik sheriklik: parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, yangi vazifalar va hamkorlik istiqbollari» mavzusi bejiz tanlanmaganiga e’tibor qaratildi. Parlament diplomatiyasi davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismiga aylandi.
Prezidentlar topshirig‘iga muvofiq, parlamentlarning yuqori palatalari oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan doimiy nazoratni ta’minlab kelmoqda.
Mamlakatlarimiz oliy qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlik tizimli asosda yo‘lga qo‘yilgan. Institutsional muloqot Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘rtasida imzolangan Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum doirasida muvofiqlashtirilmoqda.
Hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiya faoliyat yuritmoqda, 2026 - 2027-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlar rejasi (yo‘l xaritasi) imzolangan.

“Mazkur forumning Sharq sivilizatsiyasining eng qadimiy markazlaridan biri, asrlar davomida madaniyatlar va savdo yo‘llari chorrahasi bo‘lib kelgan shahar – Xivada o‘tkazilgani alohida ramziy ahamiyatga ega. Tarix bizga shuni o‘rgatadiki, muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlik har doim farovonlikning asosiy omili bo‘lib kelgan. Qadimiy Xiva zaminidagi samimiy qabul va tadbirimizni yuqori darajada tashkil etgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga va hurmatli Tanzila Kamalovnaga samimiy minnatdorchiligimni izhor etaman”, dedi N.Kochanova.
Forumda Belarus va O‘zbekiston parlament a’zolari, biznes vakillari, ijtimoiy soha mutaxassislari hamda ekspertlar hamjamiyati vakillarining ishtirok etayotgani sheriklik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat berishi e’tirof etildi.
– Qo‘shma loyiha dadil g‘oyadan Belarus – O‘zbekiston hamkorligining natijador formatlaridan biriga aylandi, - dedi Ntalya Kochanova. – To‘rtta forum davomida 122 shartnoma, shuningdek, mintaqaviy darajada hamda ta’lim, sog‘liqni saqlash muassasalari va jamoat tashkilotlari yo‘nalishida ikki tomonlama hamkorlik to‘g‘risidagi salmoqli bitimlar va memorandumlar imzolangan. Ushbu tendensiyani biz nafaqat saqlab qolmoqdamiz, balki uni yanada rivojlantirib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlaymiz.
Norgul Abduraimova,
Bekzodbek Saidov (surat), O‘zA