Tanzila Norboyeva: Xivada ilgari surilgan taklif va tashabbuslar strategik kelishuvlarni ro‘yobga chiqaradi
Xiva shahrida “Strategik sheriklik: parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, hamkorlikning yangi vazifalari va istiqbollari” mavzusida o‘tkailayotgan to‘rtinchi O‘zbekiston - Belarus parlamentlararo forumining ochilishida mamlakatlarimiz Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenkoning tadbir ishtirokchilariga tabrik so‘zlari o‘qib eshittirildi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva davlatlarimiz rahbarlarining tabrik so‘zlari parlament faoliyatiga bildirilgan ishonch ekanini alohida ta’kidladi.
– Prezidentlarimiz qo‘shma faoliyatimizni qo‘llab-quvvatlayotgani biz uchun faxr, - dedi T.Norboyeva. – Shu bilan birga, bu katta mas’uliyat hamdir. Xivada ilgari surilgan takliflar, tashabbuslar amaliy ishlarga aylanishi lozim. Ana shunda biz mamlakatlarimiz o‘rtasida erishilgan strategik kelishuvlarni ro‘yobga chiqrishga munosib hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Oldinga harakat qilish uchun jiddiy asos mavjud. So‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi uch barobarga oshdi va o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra bir milliard dollarga yaqinlashdi. Bugungi kunda 360 qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston Prezidentining iyul oyida Belarusga tashrifi yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati ikki milliard dollar bo‘lgan 310 loyiha va tadbirdan iborat dastur kelishib olindi.

“Raqamlar ortida doimo insonlar va ularning mehnati turadi. O‘zbekiston va Belarus ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari ko‘rgazmasida taqdim etilgan mahsulotlarning qanchalik xilma-xil ekanini ko‘rish biz uchun mamnuniyatli bo‘ldi. Ushbu ko‘rgazma korxonalarga bir-birini topish, yetkazib berish masalalarini muhokama qilish va yanada yaqin hamkorlik uchun mavjud imkoniyatlarni ko‘rishga yordam berdi. Keyingi qadam – qo‘shma ishlab chiqarishni kengaytirish. Korxonalarimiz tajriba va resurslarni birlashtirishi, mahsulotlarni hamkorlikda ishlab chiqarishi va ularni yangi bozorlarga taklif etishidir”, dedi Senat Raisi.
Bu borada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, farmatsevtika, yengil va oziq-ovqat sanoati sohalarida katta istiqbollar mavjudligi qayd etildi. Har qanday yangi ishlab chiqarish uchun malakali kadrlar va zamonaviy yechimlar zarur. Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasidagi hamkorlik tajribasi mavjud. Xivadagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot boshqa hududlarga ham bir-birini yaxshiroq anglash imkonini beradi: ayrimlarga ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlar topish, boshqalarga esa ta’lim, xizmat ko‘rsatish yoki turizm sohalarini rivojlantirish uchun imkoniyat yaratadi.

Turizm sohasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Samarqand, Buxoro, Xiva va O‘zbekistonning boshqa hududlari o‘z tarixi, madaniyati va an’analari bilan mehmonlarni o‘ziga jalb etadi. Belarusning ham o‘ziga xos shaharlari, tabiati va mehmondo‘stligi bilan bog‘liq boy imkoniyatlari mavjud. O‘zaro safarlar xalqlarimizning bir-birini yaxshiroq anglashiga yordam beradi, mahalliy biznes uchun esa rivojlanishning yangi yo‘nalishlarini ochadi.
Tadbirkor ayollar forumlardan keyin o‘zaro aloqalarni davom ettirayotgani muhimligi qayd etilib, bu safargi forum ham ularga ana shunday imkoniyat bergani alohida ta’kidlandi.
Norgul Abduraimova,
Bekzodbek Saidov (surat), O‘zA