«Nasaf» Superliga peshqadamiga aylandi
Har bir turda kutilmagan natijalar bilan davom etayotgan futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 12-turida «Nasaf» – «Neftchi» uchrashuvida 1:0 hisobi qayd etildi.
Turning markaziy o‘yini deya e’tirof etilgan bu o‘yin keskin va murosasiz o‘tdi. Uchrashuvning 14-daqiqasida Zoir Jo‘raboyev qizil kartochka bilan jazolandi. «Neftchi» jamoasi a’zosi Muhsin Ubaydullayev 45-daqiqada o‘z darvozasiga boshi bilan to‘pni joylab qo‘ydi. Mazkur natijadan so‘ng «Nasaf» ochkolari 22 taga yetkazib oldi va jadval karvonboshisiga aylandi.
Namanganda o‘tgan «Navbahor» – «Qizilqum» uchrashuvida esa hisob ochilmadi va jamoalar o‘z hisobiga bir ochko qo‘shib oldi.

Bugun, "Bunyodkor" stadionida Toshkent derbisi bo‘lib o‘tadi. Unda "Bunyodkor" va "Olimpik" klublari o‘zaro raqobatlashadi. Shuningdek, «OKMK» Olmaliq shahrida "Paxtakor" jamoasini qabul qiladi.
Ushbu juftliklar o‘rtasidagi «OKMK» va «Paxtakor» bahsi muxlislarimiz uchun qiziqarli o‘tishi shubhasiz. Ushbu uchrashuvda «OKMK» Superliga jadvalidagi birinchi o‘rnini saqlab qolishi uchun g‘alaba qozonishi shart. Bunga sabab, kecha «Nasaf» o‘z maydonidagi g‘alaba evaziga 22 ochko bilan Olmaliq shahri klubidan 2 ochkoga o‘zib ketdi va birinchi o‘ringa chiqib oldi. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, «OKMK» Qarshi shahri jamoasidan bitta ko‘p o‘yin o‘tkazgan. Shu bois ham bugungi o‘yinda ochko yo‘qotish bu klub uchun katta xato bo‘ladi.

Ammo raqib ham o‘rtamiyona jamoa emas. Superliganing amaldagi chempioni «Paxtakor» bu mavsumni yaxshi boshlamagan bo‘lsada, so‘nggi o‘yinlarni muvaffaqiyatli o‘tkazmoqda. Poytaxt klubi, ayni damda 16 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda va chempionlik unvonini saqlab qolish imkoniyatiga ega.
Endi esa «OKMK» va «Paxtakor» o‘rtasidagi o‘yinlar statistikasiga e’tibor qaratib o‘tamiz. Hozirga qadar chempionatlar tarixida ushbu jamoalar 32 marta o‘zaro to‘qnash kelgan. Ushbu o‘yinlarning 23 tasi «Paxtakor»ning g‘alabasi bilan yakunlangan bo‘lsa, 5 ta bahsda durang qayd etilgan. Olmaliq klubi esa 4 marta zafar quchgan. To‘plar nisbati 58/19 – «Paxtakor» foydasiga.
Superliga doirasida «OKMK» 2017 yildan buyon «Paxtakor»ni yenga olmayabdi, lekin o‘tgan yilgi so‘nggi o‘yinda Toshkentda 2:2 hisobida durang o‘ynagan. Bu yil esa ushbu jamoa ancha o‘yin va taktika jihatdan poytaxt klubidan ko‘ra o‘sgan. Tarkib borasida ham aynan Olmaliq jamoasi ustunroq.
Bugungi ikki o‘yin ham mahalliy vaqt bilan 20:00 da boshlanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA
--0--