Ishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilmoqda
Deputatlar mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqdi.
Mazkur hujjat mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda xodimlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.
Xususan, ishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilmoqda. Ya’ni, taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, fuqaroni ishga qabul qilishda asosan uning shaxsiy identifikatsiya raqami talab etiladi. Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar esa harbiy guvohnoma yoxud harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma taqdim etadi.
Shu bilan birga, mehnat munosabatlarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Endilikda, elektron raqamli imzo yoki biometrik identifikatsiya (Face-ID) orqali tasdiqlangan hujjatlar yuridik jihatdan qo‘lda imzolangan hujjatlar bilan tenglashtirilmoqda.

Qonun loyihasida mehnat jarayonida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga doir normalar ham o‘z aksini topgan. Jumladan, bunday holatlarni taqiqlash, ularning oldini olish va jabrlangan xodimlarni himoya qilish choralari belgilanmoqda.
Bundan tashqari, ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun pulli kompensatsiya to‘lash tartibi aniqlashtirilmoqda.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala — “Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi mamlakat mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash, davlatning safarbarlik tayyorgarligi tizimini takomillashtirish, davlat organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, tashkilotlar hamda fuqarolarning safarbarlik sohasidagi huquq va majburiyatlarini aniq belgilashga qaratilgan.
Loyihaga ko‘ra, safarbarlik mamlakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida davlat organlari, tashkilotlar, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini urush davri sharoitida faoliyat ko‘rsatishga tayyorlashga qaratilgan chora-tadbirlar majmui hisoblanadi. Shu bilan birga, davlat uchun muhim vazifalarni uzluksiz bajarish maqsadida ayrim xodimlarni harbiy xizmatga chaqirishdan vaqtincha ozod etishni nazarda tutuvchi bronlashtirish tartibi ham nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar atroflicha muhokama qilinib, uning har bir moddasi chuqur tahlil qilindi. Natijada qonun loyihasi huquqiy, mazmuniy va yuridik-texnik jihatdan yanada takomillashtirildi.

Xususan, qonun loyihasining konseptual asosini tashkil etuvchi tushunchalar qayta ko‘rib chiqilib, ularning huquqiy mazmuni aniqlashtirildi, amaldagi qonunchilikda qo‘llanilayotgan huquqiy atamalar bilan muvofiqlashtirildi, ortiqcha va takrorlanuvchi normalar chiqarildi.
Shuningdek, safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlikning asosiy prinsiplari huquqiy jihatdan takomillashtirilib, prinsip xususiyatiga ega bo‘lmagan, safarbarlik tadbirlarini amalga oshirish tartibini belgilovchi ayrim normalar chiqarildi. Bu esa qonun normalarining huquqiy aniqligi va huquqni qo‘llash amaliyotida bir xil tushunilishiga xizmat qiladi.
Qonun loyihasida safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlik sohasidagi davlat organlarining vakolatlari hamda majburiyatlari ham qayta ko‘rib chiqildi. Jumladan, parlament, hukumat, vazirlik va idoralarning mazkur sohadagi vakolatlari amaldagi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotidan kelib chiqqan holda takomillashtirildi. Davlat safarbarlik rejasini tasdiqlash, chaqiriluvchilar va harbiy xizmatga majburlarni bronlashtirish hamda davlat safarbarlik zaxirasini shakllantirish bilan bog‘liq huquqiy mexanizmlar yanada aniqlashtirildi.
Bundan tashqari, davlat safarbarlik rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish, safarbarlik resurslari hamda davlat safarbarlik zaxirasini shakllantirishga oid huquqiy mexanizmlar takomillashtirildi. Safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlikning asosiy tadbirlari tizimlashtirilib, o‘zaro takrorlanuvchi hamda ortiqcha normalar qisqartirildi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi va Senatga yuborildi.
N.Nasriyev,
O‘zA