Orxus markazi — ekologik ochiqlik va jamoatchilik ishtirokining yangi bosqichi
Ekologik muammolarni samarali hal etish nafaqat davlat idoralarining, balki butun jamiyatning faol ishtirokini talab qiladi. Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ochiqlik, shaffoflik va aholining ishonchini mustahkamlashda Orxus markazlarining ahamiyati beqiyos.
Davlat ekologik ekspertizasi markazida Orxus markazini tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Orxus markazining huquqiy va tashkiliy asoslari, uning asosiy faoliyat yo‘nalishlari hamda fuqarolarning ekologik axborotlardan erkin foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, markaz aholining atrof-muhit holati haqidagi ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lishini ta’minlash, ekologik qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish va ekologik adolat tamoyillarini hayotga tatbiq etishda muhim o‘rin tutadi.

Bugungi kunda ekologik masalalar faqat mutaxassislar doirasidagina emas, balki har bir fuqaroning kundalik hayotiga daxldor mavzulardan biriga aylangan. Shu bois ekologik axborotning ochiqligi va undan erkin foydalanish imkoniyati jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirishning muhim omillaridan hisoblanadi. Orxus markazi aynan shu maqsadlarga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Muhokamalar davomida Jamoatchilik kengashi a’zolari markaz faoliyatini samarali tashkil etish, aholiga ekologik ma’lumotlarni tezkor va ishonchli yetkazish, ekologik ta’lim va targ‘ibot ishlarini kengaytirish hamda davlat organlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan qator takliflarni ilgari surdi. Bu takliflar markazning kelgusida samarali ishlashi uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Yig‘ilish kun tartibida Orxus markazi rahbari lavozimiga nomzodlarni ko‘rib chiqish masalasi ham muhokama qilindi. Nomzodlarning kasbiy salohiyati, ekologiya sohasidagi tajribasi, boshqaruv ko‘nikmalari hamda markazni rivojlantirish bo‘yicha takliflari atroflicha baholandi. Bu esa yangi tashkil etilayotgan markazga malakali va tashabbuskor rahbarni tanlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Yig‘ilish yakunida Orxus markazini tashkil etish ishlarini jadallashtirish, Jamoatchilik kengashi bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda markaz faoliyatini zamonaviy talablar asosida shakllantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Eng muhimi, mazkur tashabbus mamlakatimizda ekologik ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, fuqarolarning ekologik huquqlarini yanada keng ro‘yobga chiqarish, jamoatchilikning ekologik boshqaruvdagi ishtirokini kuchaytirish hamda barqaror rivojlanish tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA