Bomiyondan O‘zbekistonga kartoshka eksport qilish imkoniyati muhokama qilindi
O‘zbekiston qo‘shni davlatlar bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, agrar sohada qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida samarali natijalarga erishmoqda.
Kobul shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi hamda Afg‘onistonning Bomiyon viloyati hokimi Al-Hoj Qori Gul Haydar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ayni yo‘nalishdagi masalalar muhokama qilindi.
Muzokaralarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, shuningdek, ikki tomonning tegishli vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi, deyiladi O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi ma’lumotida.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Bomiyon viloyati tog‘li iqlimi tufayli Afg‘onistonning "kartoshka poytaxti" sifatida e’tirof etiladi. Hozirda hududda tajriba tariqasida 17 gektar maydonga eksport va sanoat usulida qayta ishlash uchun mos bo‘lgan yuqori hosilli Fontane navidan 44 tonna urug‘lik kartoshka ekilgan.
Uchrashuvda Bomiyon viloyatining iqtisodiy va agrar salohiyati, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar hamda o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xususan, loyiha kartoshka hosildorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi agrar kooperatsiyani yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tomonlar Bomiyon viloyatidan O‘zbekistonga yiliga 300 ming tonnagacha yuqori sifatli kartoshka eksport qilish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.
Soha yo‘nalishida o‘zaro savdo hajmini oshirish va yangi qo‘shma loyihalarni tuzish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
A.RUSTAMOV,
O‘zA