Amir Olimxon otasining qabri qayerdaligini bilasizmi?
FOTOREPORTAJ
Navoiy viloyati Karmana shahrida joylashgan Qosim Shayx Azizon majmuasi yurtimizning eng qadimiy va noyob me’moriy obidalaridan biri hisoblanadi. XVI asrda barpo etilgan ushbu majmua qariyb 500 yillik tarixga ega bo‘lib, bugungi kunda ham ziyoratgoh, ham madaniy meros ob’ekti sifatida katta ahamiyat kasb etadi.
Karmanadagi Xo‘ja Xisrav mahallasi hududida joylashgan majmua tarkibiga Qosim Shayx Azizon maqbarasi, masjid, muzey, ziyoratchilar uchun ehsonxona, masjid imomi turargohi hamda mevali bog‘ kiradi. Majmua hududidagi muzeyda turli davrlarga oid 2 mingga yaqin tarixiy ashyo va artefakt saqlanmoqda.
Masjidning bosh peshtoqi nafis arkalar va arab tilidagi bitiklar bilan bezatilgan. Ichki qismidagi oq rangli ustunlar, o‘ymakor ganch naqshlari va milliy me’morchilik an’analari asosida yaratilgan bezaklar majmuaning o‘ziga xos qiyofasini namoyon etadi.
Majmuaning eng e’tiborli jihatlaridan yana biri shundaki, bu yerda Buxoro amiri Abdulahadxon dafn etilgan. U so‘nggi Buxoro amiri Olimxonning otasi bo‘lib, uning qabri tarix va ziyorat turizmiga qiziquvchilar e’tiborini tortadi.
Bugungi kunda Qosim Shayx Azizon majmuasi mamlakatimizga tashrif buyurayotgan mahalliy va xorijiy sayyohlar, tarixshunoslar hamda ziyoratchilarning eng ko‘p tashrif buyuradigan muqaddas qadamjolaridan biriga aylangan.
Siroj ASLONOV(surat),O‘zA