Nani: Neymar — Ronaldo va Ronaldinyo darajasidagi afsona
Neymar Braziliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi va u JCh-2026 musobaqasidan so‘ng milliy jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan edi.
Portugaliya milliy terma jamoasining sobiq a’zosi Nani braziliyalik hujumchi Neymar haqida to‘xtalib, uning iqtidori va futbol tarixidagi o‘rniga yuqori baho berdi.
"Agar faqat futbolning o‘ziga e’tibor qaratsak, Neymar har bir ishqibozga manzur kelishi aniq. Haqiqiy futbol shinavandasi uni qadrlaydi, sababi u bizga unutilmas daqiqalarni taqdim etgan va ko‘plab yoshlarga ilhom manbayi bo‘la olgan. Men ham uning o‘yinlariga befarq emasman. Unga qarshi bir necha bor maydonga tushganman va uning naqadar kamtarin inson ekaniga guvoh bo‘lganman", — deydi portugaliyalik sobiq futbolchi.
Nanining ta’kidlashicha, Neymar o‘zi qatnashgan so‘nggi jahon chempionatida eng yuqori sport formasini namoyish eta olmagan bo‘lsa-da, baribir ishqibozlarni xushnud etishda davom etishi lozim.
"U o‘ziga xos driblinglari va maydondagi fantaziyasi bilan barchani hayratda qoldirishda davom etishi kerak. Neymar kabi ijodkor futbolchilarning o‘yinini ko‘rganingizda, futbolga bo‘lgan mehringiz yanada ortadi. U maydonda erkinlik va quvonch ulashadi", — deya qo‘shimcha qildi u.
Shuningdek, Nani futbolchilarning faoliyatiga faqat ularning maydondagi harakatlariga qarab baho berish to‘g‘ri bo‘lishini aytib o‘tdi.
"Braziliya xalqi Neymarning terma jamoa libosida amalga oshirgan barcha ishlari uchun undan minnatdor bo‘lishi lozim. U mamlakat sharafini munosib himoya qildi hamda Ronaldinyo, Ronaldo va Romario kabi barcha davrlarning eng buyuk afsonalari bilan bir qatorda turishga loyiq. Menimcha, u aynan shu darajadagi futbolchi", — dedi Nani.
Neymar Braziliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi va u JCh-2026 musobaqasidan so‘ng milliy jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan edi.