Namanganlik kurashchilar muvaffaqiyati
Yaqinda Qirg‘iz Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida 2007-2008 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida belbog‘li kurash bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda Vatanimiz sharafini himoya qilgan Namangan viloyati Uychi tumani polvonlari munosib natijalarga erishdi.
Osiyo va Yevropa davlatlarining ko‘plab sara pahlavonlari tashrif buyurgan mazkur musobaqada vakillarimiz bitta oltin, bitta kumush va ikkita bronza medallarni qo‘lga kiritdi. Xususan, Namangan davlat pedagogika instituti birinchi kurs talabasi Asadbek Abdurahmatov 72 kilogrammdan og‘ir vaznli sportchilar orasida barcha raqiblarini yengib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Finalgacha bo‘lgan bahslarga mag‘lubiyatsiz yetib kelgan Timur Ne’matullayev 55 kilogramm vaznda faxrli ikkinchi o‘rinni egalladi. 50 kilogramm vaznda gilamga chiqqan Ilyosbek Hamitboyev va 60 kilogramm vaznga ega Maftuna Rustamova turnirni kuchli uchlikda yakunladi.


Qayd etish darkor, sportchilarimizga xalqaro toifadagi hakam Elmurod Abdullayev, murabbiy Anvarjon Qutbiddinov va “Nurafshon” korxonasi direktori G‘ulomjon Abdullayev rahbarlik qildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.