Namangandagi yashirin omborxonadan 1,4 milliard so‘mlik sifatsiz dori vositalari musodara qilindi
Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xorijdan noqonuniy olib kelingan katta miqdordagi sifatsiz dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
Aholi salomatligi xavfsizligini ta’minlash maqsadida Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 2003-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruv davomida xonadonda tashkil etilgan yashirin omborxonadan xorijda ishlab chiqarilgan va tegishli sifat sertifikatlariga ega bo‘lmagan «Ortofen», «Neyroks», «Tirozol», «Siofor» singari jami 28 turdagi 28 928 dona dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Mamlakatimizga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan ushbu farmatsevtika mahsulotlarining taxminiy qiymati 1,4 milliard so‘mni tashkil etadi.
Hozirda musodara qilingan dori vositalariga nisbatan ekspertiza tekshiruvlari tayinlanib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar! Kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz, Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishingiz so‘raladi. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
O‘zA