Do‘stlik va birdamlik — milliy boyligimiz
FOTOREPORTAJ
30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan Namangan viloyatida millatlararo totuvlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etishga qaratilgan madaniy tadbir tashkil etildi.
Davlatobod tumanidagi «Afsonalar vodiysi» tematik parkida o‘tkazilgan gala-konsertda viloyatda faoliyat yuritayotgan milliy madaniy markazlar vakillari, san’atkorlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
[gallery-30651]
Tadbirni Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Nuriddinov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabrikladi. U mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan ishlar Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim omili ekanini ta’kidladi.
Tadbir davomida viloyat ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan rus, koreys, qirg‘iz va tojik milliy madaniy markazlari rahbarlari hamda faollariga Namangan viloyati hokimligining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Festivalning badiiy qismida turli millat vakillari milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar va sahna chiqishlari bilan ishtirok etib, xalqlar do‘stligi, o‘zaro hurmat va hamjihatlik g‘oyalarini tarannum etdilar.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — asrlar davomida bir zaminda ahil-inoq yashab kelayotgan millatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yosh avlodga yetkazish, ularda Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, bag‘rikenglik va hamjihatlik tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA