Oliy ta’limda boshqaruv samaradorligi: strategik maqsadlar va aniq ko‘rsatkichlar
Bugun mamlakatimizda boshqaruv jarayonlarini natijaga yo‘naltirish, davlat organlari faoliyatini aniq ko‘rsatkichlar asosida baholash hamda inson resurslarini strategik rejalashtirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bu jarayonning huquqiy va institutsional asoslari Davlatimiz rahbarining 2025-yil 6-dekabrdagi “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni bilan yanada mustahkamlandi. Mazkur hujjat davlat boshqaruvida natijaga asoslangan tizimni joriy etish, davlat organlari faoliyatini maqsadli ko‘rsatkichlar (KPI) orqali baholash, rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish hamda davlat xizmatini zamonaviy menejment tamoyillari asosida tashkil etishga qaratilgan muhim islohotlarni belgilab berdi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan 2026-yil 1-yanvardan boshlab Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Namangan va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari hamda “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomiga ega 33 ta hududda natijaga asoslangan boshqaruv tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etilishi belgilandi.
Ushbu hujjat bilan Agentlikka natijaga asoslangan boshqaruv modelini ishlab chiqish, uni uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish, “samaradorlik.gov.uz” elektron platformasi orqali maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish darajasini baholash, kadrlar salohiyatini rivojlantirish, moliyaviy resurslardan foydalanish samaradorligini tahlil qilish hamda davlat fuqarolik xizmatiga zamonaviy tanlov mexanizmlarini joriy etish kabi muhim vazifalar yuklatildi.
Natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish bo‘yicha mazkur yondashuv, ayniqsa, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi faoliyatida o‘z amaliy ifodasini topmoqda. Xususan, Prezidentning 2026-yil 10-apreldagi “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni mazkur sohada boshqaruvning sifat jihatidan yangi modelini shakllantirdi. Farmon bilan “5T” — ta’lim, tarbiya, tadqiqot, tijoratlashtirish va tizimli takomillashtirish tamoyili asosida sohani rivojlantirish, raqamli platformalarni keng joriy etish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, ta’lim sifatini baholashning zamonaviy mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan vazifalar belgilandi.
Ushbu huquqiy asosning mantiqiy davomi sifatida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri hamda uning o‘rinbosarlari faoliyati uchun 2026-yilga mo‘ljallangan eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) tasdiqlandi. Bu esa vazirlik faoliyatini aniq, o‘lchanadigan va monitoring qilinadigan natijalar asosida boshqarishga o‘tishning amaliy mexanizmini shakllantirdi. Natijada sohada strategik maqsadlarni rejalashtirish, ularning ijrosini baholash va rahbarlarning hisobdorligi o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik ta’minlandi.
Mazkur ko‘rsatkichlar davlat boshqaruvida faoliyatni jarayonlarning o‘zi emas, balki aniq o‘lchanadigan natijalar asosida baholash tamoyilini aks ettiradi. KPI tizimi tahlili shuni ko‘rsatadiki, vazirlik faoliyati to‘rtta asosiy ustuvor yo‘nalishga qaratilgan:
· Ta’lim sifati va qamrovini oshirish;
· Ta’limning xalqaro raqobatbardoshligini ta’minlash;
· Ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirish;
· Raqamli boshqaruv va ochiqlikni kuchaytirish.
Bu ko‘rsatkichlar PF–58-son farmoni bilan belgilangan “5T” konsepsiyasi bilan to‘liq uyg‘un shakllantirilgan.
Ta’lim qamrovida ijtimoiy adolat ta’minlanadi
Strategik ko‘rsatkichlar tahliliga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, vazirlikning ustuvor maqsadi sifatida umumiy o‘rta ta’lim bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 45 foizga yetkazish, kambag‘al oilalar farzandlari uchun davlat grantlari ajratish hamda ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish belgilangan. Mazkur ko‘rsatkich faqat qabul kvotalarini oshirishga emas, balki ta’limda ijtimoiy tenglikni ta’minlashga qaratilgan.
Xalqaro raqobatbardoshlik — asosiy baholash mezoni
KPI ko‘rsatkichlarida eng katta e’tibor xalqaro raqobatbardoshlikka qaratilgan. Jumladan, QS, THE va ARWU reytinglaridagi universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarini kengaytirish, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari sonini 133 taga, TOP–1000 reytingga kiruvchi milliy universitetlar sonini esa 4 taga yetkazish vazifalari qo‘yilgan. Ushbu indikatorlar vazirlik faoliyati ichki statistika emas, balki xalqaro tan olingan baholash tizimlari orqali baholanishini anglatadi.
Ta’lim tizimi mehnat bozori bilan integratsiya qilinadi
KPI tizimida mehnat bozori bilan bog‘liq ko‘rsatkichlarga ham alohida ahamiyat berilgan. Xususan, bitiruvchilarning bir yil ichida doimiy ish bilan ta’minlanish darajasini 55 foizga yetkazish hamda ish beruvchilar tomonidan ijobiy baholangan bitiruvchilar ulushini 50 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu yondashuv oliy ta’lim muassasalari faoliyatini shunchaki diplom berish bilan emas, balki iqtisodiyot uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash samaradorligi orqali baholashga o‘tishni anglatadi.
Shu bilan birga, sohani raqamlashtirish mustaqil strategik yo‘nalish sifatida belgilangan. Jumladan, kutubxona resurslarining 75 foizini elektron formatga o‘tkazish, my.gov.uz orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini 19 taga yetkazish hamda ochiqlik va elektron ishtirok indeksini oshirish nazarda tutilgan.
Ko‘rsatkichlarning yana bir muhim jihati, ularning ilmiy natijalarni tijoratlashtirish va xalqaro ilmiy faollikni kuchaytirishga qaratilganidir. Jumladan, universitetlar huzurida spin-off korxonalar tashkil etish, ilmiy salohiyatni 53 foizga yetkazish, Scopus va Web of Science bazalaridagi jurnallarda maqolalar sonini 4200 taga yetkazish hamda xo‘jalik shartnomalari sonini 600 taga oshirish vazifalari belgilangan.
Oliy ta’lim tizimida boshqaruvning yangi falsafasi
KPI tizimining asosiy xususiyati shundaki, unda har bir strategik maqsad muayyan baholash vazniga, har bir indikator esa choraklar kesimida aniq rejalashtirilgan subindikatorlarga ega. Bu rahbarlar faoliyatini yil yakunida emas, balki doimiy rejimda monitoring qilish imkonini beradi. Shuningdek, ko‘plab ko‘rsatkichlar «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi hamda Prezident topshiriqlari bilan integratsiya qilingani tizimning davlat rejalashtirish hujjatlari bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi.
Umuman olganda, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi uchun tasdiqlangan KPI’lar natijaga asoslangan boshqaruv tizimining amaliy modelidir. Unda har bir rahbarning shaxsiy mas’uliyati, strategik maqsadlarga erishish darajasi, resurslardan samarali foydalanish va jamoatchilik oldidagi hisobdorligi yagona baholash mexanizmiga birlashtirilgan. Bu davlat boshqaruvida zamonaviy performance management tizimini shakllantirish va oliy ta’lim sohasini yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam institutsional asos yaratadi.
Gulchehra Ashurova,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Boshqaruv samaradorligi agentligi
Ijtimoiy sohalarda davlat xizmati va boshqaruv samaradorligini rivojlantirish departamenti mas’ul xodimi