Diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi
Sayxunobod tumanida «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida chim ustida xokkey bo‘yicha U-14 yoshgacha bo‘lgan o‘smir qizlar o‘rtasida Sirdaryo viloyati chempionati o‘tkazildi. Musobaqa Sayxunobod tumanidagi sport maktabi maydonida bo‘lib o‘tdi.
Bellashuvlarda viloyatning turli hududlaridan tashrif buyurgan yosh sportchilar g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashishdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda ishtirokchilar jismoniy tayyorgarligi, tezkor qaror qabul qilish mahorati, jamoaviy harakat va texnik salohiyatini namoyon etishdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, Sayxunobod tumani sport maktabi jamoasi chempionlikni qo‘lga kiritib, birinchi o‘rinni egalladi. Sardoba tumani sport maktabi jamoasi ikkinchi, Guliston tumani sport maktabi jamoasi esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

G‘olib va sovrindorlar musobaqa tashkilotchilari tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Chim ustidagi xokkey tezkorligi, jamoaviy harakat va aniq texnik mahorati bilan muz ustidagi xokkeydan farq qiladi. Biroq har ikki sport turi uchun jamoaviylik, chaqqonlik, aniq harakat va g‘alabaga intilish muhim ahamiyatga ega.
Ushbu sport turi haqida so‘z borganda, uning ayrim jihatlari Sharq va Markaziy Osiyoda qadimdan keng tarqalgan chavgon o‘yinini yodga soladi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, chavgon ot ustida o‘ynaladigan, maxsus tayoq yordamida to‘pni belgilangan nishon yoki raqib tomonga yo‘naltirishga asoslangan qadimiy jamoaviy o‘yin bo‘lgan. U bir necha asrlar davomida Markaziy Osiyo, Eron va boshqa hududlarda keng ommalashgan hamda zamonaviy poloning shakllanishiga asos bo‘lgan an’anaviy o‘yinlardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Sohibqiron Amir Temur davrini yorituvchi tarixiy manbalarda ham otliqlar tayyorgarligi, jismoniy chiniqish va harbiy mahoratiga alohida e’tibor qaratilgani haqida ma’lumotlar uchraydi. Jumladan, Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma», shuningdek, G‘iyosiddin Ali Yazdiyning «Ro‘znomayi g‘azavoti Hindiston» asarlari Temuriylar davri tarixini o‘rganishda muhim yozma manbalar hisoblanadi.

Albatta, bugungi chim ustidagi xokkeyni qadimiy chavgon bilan aynan bir sport turi sifatida baholab bo‘lmaydi. Biroq ulardagi jamoaviy harakat, to‘p bilan ishlash, tezkorlik va chaqqonlik kabi umumiy jihatlar sport o‘yinlarining tarixiy taraqqiyotidagi mushtaraklikni ko‘rsatadi.
Sayxunoboddagi chempionat yosh qizlarning sport mahoratini namoyish etish barobarida, ularda sog‘lom raqobat, jamoaviylik va g‘alabaga intilish ruhini yanada kuchaytirdi. Bunday musobaqalar esa yoshlarni sportga keng jalb etish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish va yangi iste’dodlarni kashf etishda muhim o‘rin tutmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri