“DXX kubogi”: Popda finalchilar nomi aniqlandi
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyati Pop tumanida “DXX kubogi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning yarim final bosqichida Chodak va Tepaqo‘rg‘on mahallalari yoshlari o‘rtasida kechgan uchrashuv muxlislarga haqiqiy futbol dramasini taqdim etdi.
Murosasiz kechgan bahsning asosiy vaqtida hisob 2:2 ko‘rinishida yakunlanib, g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi. Unda Tepaqo‘rg‘on mahallasi yoshlari sovuqqonlik va aniq harakatlari bilan ustun kelib, finalga yo‘l oldi.
Navbatdagi yarim final uchrashuvida Pillakash va Kelachi mahallalari jamoalari maydonga tushdi. Qizg‘in va keskin ruhda kechgan bahsda hal qiluvchi vaziyatlardan samarali foydalangan Kelachi mahallasi yoshlari g‘alaba qozonib, final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, finalda Tepaqo‘rg‘on va Kelachi mahallalari jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Yuqori kayfiyat va murosasiz kurashlarga boy o‘tgan hal qiluvchi bahsda Kelachi mahallasi yoshlari chempionlik ruhini namoyon etib, g‘alabani qo‘lga kiritdi hamda musobaqaning viloyat bosqichiga yo‘llanma sohibiga aylandi.
[gallery-29522]
Musobaqaning taqdirlash marosimi tantanali ruhda tashkil etildi. Unda tuman hokimi G‘. Murodxo‘jayev boshchiligidagi sektor rahbarlari, Davlat xavfsizlik xizmati tuman bo‘limi mas’ullari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Bellashuvlar davomida faollik, jamoaviylik va yuqori sport mahoratini namoyon etgan yoshlar munosib taqdirlanib, g‘olib va sovrindorlarga medal, kubok hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ta’kidlanganidek, bunday musobaqalar yoshlarni sportga keng jalb etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, vatanparvarlik va jamoaviylik tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA