Mustaqillikning 35 yilligi: Chorbog‘ shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi
O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va “yashil” energetika ulushini oshirish bo‘yicha amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Bu borada Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida barpo etilgan 20 MVt quvvatga ega Chorbog‘ shamol elektr stansiyasi muhim loyihalardan biri hisoblanadi.
Bugun, ya’ni 20-avgust kuni mazkur stansiyaning ochilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda “O‘zbekgidroenergo” AJ rahbariyati va jamoasi, Toshkent viloyati hamda Bo‘stonliq tumani hokimligi, hudud faollari hamda xitoylik mutasaddilar, mutaxassislar ishtirok etdi.
Tantanali ochilish marosimida "O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Azimjon Ahmadjonov, Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Ahmedov, Xitoyning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun va boshqalar so‘zga chiqib, mazkur loyiha O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik va amaliy hamkorlikning navbatdagi samarali natijalaridan biri ekanini ta’kidladi.

“O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Azimjon Ahmadjonov qayd etganidek, loyihani amalga oshirish uchun Xitoy hukumati tomonidan 28 million AQSH dollari miqdorida beg‘araz grant mablag‘i ajratilgan.

– Bugun Chorbog‘ shamol elektr stansiyasining ishga tushirilishi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlayapmiz. Loyiha doirasida zamonaviy texnologiyalar asosida 4 ta shamol turbinasi o‘rnatildi. Ularning har biri 5 MVt quvvatga ega bo‘lib, stansiyaning umumiy quvvati 20 MVtni tashkil etadi.
Bu loyihaning yana bir muhim jihati esa stansiya yiliga 50 million kVt·soatgacha ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu qariyb 20 mingta xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash imkonini beradi. Eng muhimi, shamol energiyasidan foydalanish tufayli an’anaviy yoqilg‘i resurslarini tejash va energetika tizimiga qo‘shimcha ekologik toza elektr energiyasi yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
–Biz “O‘zbekgidroenergo” AJ sifatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishni strategik vazifalardan biri sifatida ko‘ramiz. Chorbog‘ shamol elektr stansiyasi ham shu yo‘nalishdagi amaliy ishlarimizning muhim natijalaridan biridir. Kelgusida bunday loyihalarni yanada ko‘paytirish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratamiz, – dedi A.Ahmadjonov.
Stansiya qurilishi va uni ishga tushirish jarayonida “O‘zbekgidroenergo” AJ tomonidan zarur tashkiliy, texnik va muhandislik ishlari amalga oshirildi. Qurilish-montaj ishlari, muhandislik infratuzilmasini tayyorlash, elektr tarmoqlariga ulash hamda zamonaviy shamol turbinalarini o‘rnatish ishlari belgilangan tartibda yakunlandi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, shamol energiyasidan foydalanish elektr ishlab chiqarishda an’anaviy yoqilg‘i resurslariga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishga ham xizmat qiladi. Xususan, stansiya ishga tushishi natijasida har yili katta miqdorda tabiiy gaz va ko‘mir tejalishi, atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari hajmining qisqarishi kutilyapti. Bu esa qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, uglerod chiqindilarini kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim omildir.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA