Jazo muddatini o‘tayotgan yoshlar hunarmandchilik faoliyati bilan tanishdi
Respublika "Hunarmand" uyushmasi tomonidan jazo muddatini o‘tayotgan yoshlarning muammolarini tinglash, ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish va qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida joylashgan 5-son jazoni ijro etish koloniyasida Payshanba – “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida yoshlarga hunarmandchilik faoliyati, ushbu sohada yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olib, taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etdi.
Shuningdek, hunarmandchilikning 7 ta yo‘nalishi bo‘yicha ikki oyga mo‘ljallangan o‘quv dasturlari asosida tashkil etilgan mashg‘ulotlar yakunlanib, ta’limni muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Tadbir yakunida rahbarlar va yoshlar o‘rtasida samimiy muloqot o‘tkazildi. Quvonarlisi, 70 nafardan ortiq yosh mahkum ikki oyga mo‘ljallangan o‘quv dasturlari asosida hunarmandchilik yo‘nalishlarida ta’lim olib, sertifikat olish istagini bildirdi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, bu kabi uchrashuv va o‘quv mashg‘ulotlari yoshlarning hunar o‘rganishi, yangi ko‘nikmalarni egallashi hamda kelgusida mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA